Xalqaro anjuman xavfsiz mahsulot, ishonchli iste’molchi shiori ostida o‘tdi
Ma’lumki, xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni 1983- yil 15-martdan buyon butun jahon miqyosida, mamlakatimizda esa 1996-yil 26-apreldan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganidan beri nishonlab kelinadi.
Har yili ushbu kun munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlar Butunjahon iste’molchilar ittifoqi tashkiloti tomonidan ma’lum bir mavzuga bag‘ishlanadi. Masalan, 2023-yil 15-mart kuni “Toza energiya va mahsulotlarni iste’mol qilishga o‘tish orqali iste’molchilarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”, 2024-yil “Iste’molchilar uchun adolatli va mas’uliyatli “Sun’iy intellekt”, 2025-yilda “Barqaror turmush tarziga adolatli o‘tish” shiori ostida o‘tgan. 2026-yildagi tadbirlar “Xavfsiz mahsulotlar, ishonchli iste’molchilar” shior orqali amalga oshirildi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan German Sparkassenstiftung tashkiloti bilan hamkorlikda uyushtirilgan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish: muammo va yechimlar” mavzuidagi xalqaro anjuman asosiy tadbirlardan biri bo‘lib, sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va tashabbuslarni muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni sifatida xizmat qildi. Anjumanni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Davlatov kirish so‘zi bilan ochib, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, moliyaviy savodxonlikni yuksaltirish hamda mazkur yo‘nalishda davlat organlari, xususiy sektor va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Tadbirda Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Q.Tursunov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi a’zosi E.Aslonova, Toshkent davlat yuridik universiteti “Fuqarolik huquqi” kafedrasi professori J.Boboyev o‘z ma’ruzalarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, raqamli texnologiyalardan keng foydalanish, murojaatlar bilan ishlashda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirishga e’tiborni qaratishdi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Elmurot Xaitmetov qo‘mita tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida axborot berdi. Uning ta’kidlashicha, barcha sohalarda bo‘lgani kabi qo‘mita faoliyatida ham zamonaviy xalqaro tendensiyalardan foydalangan holda, sohada sun’iy intellektni joriy qilish, inson omilini kamaytirish, jarayonlarni raqamlashtirish orqali iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Maqsad tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, iste’molchi huquqlari ustuvorligini ta’minlashdan iborat. Shu bois mazkur yo‘nalishda qonunchilikni takomillashtirish, iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash, ularning moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha tizimli ish yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yili qo‘mitaga 53 670 ta murojaat tushgan bo‘lsa, ulardan 88 foizi qanoatlantirildi. O‘rganishlar natijasida 19 mln.dan ortiq iste’molchi huquqi tiklandi va 116,1 mlrd so‘mlik mablag‘ iste’molchiga qayta hisob-kitob qilindi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish maqsadida Prezidentimiz qarorlari bilan yangicha tizim joriy qilinmoqda. Iste’molchilarni himoya qilish sohasida raqamli yechimlarga o‘tilmoqda. Elektron tizim orqali laboratoriya tekshiruvi joriy etilmoqda. 2026-yil 1-martdan muddati o‘tgan markirovkalangan mahsulotlar savdosi avtomatik cheklanadi. Davlat tashkiloti orqali oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha yagona onlayn reyestr yuritiladi. Murojaatlar “Iste’molchi murojaati” axborot tizimi orqali ro‘yxatga olinadi va “iste’molchi-tadbirkor-nodavlat notijorat tashkilotlar-davlat organlari” tamoyili asosida ko‘rib chiqiladi. Ushbu tizimning ishlashi uchun qo‘mita tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat tashkilotlarining 50 nafarga yaqin xodimi o‘qitildi. Shuningdek, ayrim nazorat funksiyalarini, xususan “Nazorat xaridi” va “Sirli xaridor” tadbirlarini nodavlat tashkilotlar yordamida amalga oshirish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Anjuman davomida Markaziy bankning Moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati rahbari Bahodir Mirzayev sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirishlarni ma’lum qildi. Xususan, bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizom takomillashtirilib, kredit kartasi bo‘yicha standart “Axborot varaqasi” shakli amaliyotga joriy etildi. Bu iste’molchilarga kredit kartasi shartlari to‘g‘risida to‘liq va aniq ma’lumot olish imkonini berdi. Shuningdek, turli tijorat banklari tomonidan taklif etilayotgan kredit kartasi shartlarini o‘zaro taqqoslash orqali mijozlar o‘zlari uchun eng maqbul variantni tanlashi mumkin bo‘ldi. Shuningdek, kredit shartnomalariga qarzdorning hisobvarag‘larida har qanday davr mobaynida ma’lum miqdordagi kamaymaydigan pul mablag‘i qoldig‘i yoki aylanmasi mavjud bo‘lishi yuzasidan shart kiritilishi cheklandi. Mazkur talab kreditlash amaliyotida yuzaga keladigan insofsiz holatlarni bartaraf etishga xizmat qilib, kreditning haqiqiy qiymati yashirilishining oldini oladi va kredit narxining shaffofligini ta’minlaydi. Bundan tashqari, kredit ta’minoti sifatida qabul qilingan garov mulklarini kreditning asosiy qarzi qoldig‘iga mutanosib ravishda bosqichma-bosqich garovdan chiqarish yoki garov predmetini almashtirish bo‘yicha bankning ichki tartibi bo‘lishi belgilandi. Ushbu tartib doirasida mazkur jarayonlarning barcha bosqichlari iste’molchilarga oshkor qilinishi nazarda tutilgan. Bu talab garov mulki egalarining manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilmoqda hamda kredit ta’minotida ortiqcha bo‘lib qolgan mulklarni garovdan chiqarish jarayonini tartibga solayapti. Shu bilan birga bankning kreditor sifatidagi huquqlari sug‘urta tashkilotiga subrogatsiya tartibida o‘tganda, bank uch ish kuni ichida qarzdor va kafillarga bu haqda yozma xabarnoma yuborishi shart etib belgilandi. Mazkur xabarnomada barcha zaruriy ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim. Ushbu talab bankning kreditorlik huquqlari sug‘urta tashkilotiga o‘tganligi haqida qarzdor va kafillarni o‘z vaqtida xabardor qilishni ta’minlaydi hamda kelgusida kredit qarzdorligi bilan bog‘liq nizolar va huquqiy noaniqliklarning oldini olishga xizmat qildi. Nizomga kiritilgan boshqa o‘zgartirishlar orqali banklar tomonidan jismoniy shaxs – qarz oluvchilarga kredit majburiyatlari bilan bog‘liq ehtimoliy tavakkalchiliklar haqida batafsil ma’lumot berish maqsadida standart cheklist shakli joriy etildi. Moliyaviy qiyinchiliklar sababli kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshira olmayotgan mijozlar uchun banklarda kredit shartnomasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ichki tartib mavjud bo‘lishi va bu tartib iste’molchilarga oshkor qilinishi belgilandi. Shuningdek, ayrim insofsiz bank amaliyotlarini cheklash bo‘yicha yangi normalar, ya’ni banklar mijoz arizasida ko‘rsatilgan miqdordan ortiq kredit olishga undamasligi, kredit qarzdorliklarini davlat tomonidan ajratiladigan ijtimoiy nafaqalar va yordam mablag‘lari hisobidan undirmasligi, kredit to‘lovlarini qaytarish jadvalida belgilangan kalendar sanadan oldin undirish talabini qo‘ymasligi belgilandi. Moliyaviy xizmatni ko‘rsatish jarayonida iste’molchining roziligini ifodalovchi belgilarni oldindan o‘rnatib qo‘yish yoki kredit parametrlari maydonlarini oldindan to‘ldirish amaliyoti cheklandi. Tijorat banklari tomonidan mijozlarga omonatlarni kafolatlash tizimi haqida to‘liq va tushunarli ma’lumot berish talabi joriy etildi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligining Sug‘urta bozori ishtirokchilari huquqlarini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i B.Bekmuratovning ma’lumot berishicha, agentlik tomonidan fuqarolardan tushayotgan murojaatlar atroflicha o‘rganilib, 2025-yil davomida olingan 3 228 ta murojaat bo‘yicha 23 mlrd so‘mdan ortiq to‘lovlar iste’molchilar hisobiga undirilgan. Uning e’tiroficha, murojaatlarni o‘rganib chiqish jarayonida fuqarolar asosan sug‘urta mahsuloti sifatiga emas, balki narxiga e’tibor berayotgani va sug‘urtadan faqat zarurat bo‘lganda foydalanayotgani kuzatilmoqda. Masalan, fuqaro chet elga sayohatga ketmoqchi va buning uchun unga sog‘lig‘ini va hayotini sug‘urta qilish lozim bo‘lgan. Fuqaro sug‘urta kompaniyasiga tashrif buyurganida birinchi navbatda sug‘urta polisi (shartnomasi) shartlari bilan emas, balki narxi bilan qiziqadi. Natijada (faqatgina chet elga borish uchun polis rasmiylashtirish kerakligi uchun) eng arzon polisni tanlab xarid qiladi. Vaholanki, ushbu shartnoma o‘z ichiga minimal risklarni olgan bo‘ladi. Natijada chet elda fuqaro bilan baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan taqdirda sug‘urta polisi mavjud ekanligi esiga tushadi va sug‘urta tashkilotiga murojaat qiladi. Sodir bo‘lgan voqea esa sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilmaganligi sababli sug‘urta to‘lovi rad etiladi va o‘rtada ziddiyat paydo bo‘ladi. Shu sababli fuqarolar sug‘urta shartnomasi shartlariga diqqat bilan e’tibor berishi, o‘ziga kerak bo‘lgan risklarni tanlab keyin shartnomani rasmiylashtirishi lozim. Tadbirda ishtirokchilar moliyaviy xizmatlardan xavfsiz foydalanish va aholining moliyaviy savodxonligini oshirishga oid amaliy tavsiyalar bilan ham o‘rtoqlashdilar. Xorijiy davlatlarning yetakchi mutaxassis va ekspertlari, xususan Turkiyadan Burak Tufan, Koreyadan Joon Gil Lee, Yaponiyadan Akari Yamamoto so‘zga chiqib, o‘z davlatlaridagi mavjud tajriba va amaliyot haqida ma’lumot berishdi.
Anjuman doirasida qo‘mita tomonidan iste’molchilar huquqlarini ta’minlash maqsadida eng yaxshi korxonani aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan navbatdagi tanlov natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, umumiy ovqatlanish sohasidan «Bellissimo pizza international» MChJ, «Oqtepa-foodservice» MChJ, «Prada imidjstroy» MChJ tanlov g‘olibi sifatida e’tirof etildi. «Texnomart» MChJ, «Ishonch kredit savdo» MChJ, «Tillo domor» MChJ XK chakana savdo bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Onlayn savdo bo‘yicha g‘oliblar qatoridan «Open shop» MChJ, «Idea concept group» MChJ, «Texnomart» MChJ XK o‘rin oldi. Moliyaviy xizmatlar bo‘yicha «Click» AJ, «Mikrokreditbank» AJ, «Hamkorbank» AJ g‘olib deb topildi. «Rooten» MChJ, «Roodell service» MChJ, «Risola travel lux» MChJ xizmatlar, «Xonsaroy group» MChJ esa qurilish sohasida g‘olib bo‘lishdi. Tanlov g‘oliblariga Raqobat qo‘mitasi tomonidan ta’sis etilgan “Iste’molchi ishonchi” sifat belgisi tantanli ravishda topshirildi. Taqdirlangan korxonalar vakillari ushbu mukofot kelgusida ham iste’molchilar huquqlari ustuvorligini hurmat qilish, xizmatlar sifatini ta’minlash va ishonchli hamkor bo‘lib qolishga undashin








