Raqobat qo‘mitasi ogohlantiradi
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan biologik faol qo‘shimchalarni turli shakllarda sotuvga chiqarayotgan sahifalar soni ortib bormoqda.
Ularda turli qo‘shimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar va damlamalar go‘yoki ko‘plab kasalliklarni, hatto og‘ir xastaliklarni ham davolashi mumkinligi haqida asossiz reklamalar tarqatilmoqda.
Ko‘p hollarda ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi haqida aniq ma’lumot berilmaydi, soxta havolalar orqali jozibador reklama taqdim etiladi va qiziqqan shaxslar buyurtma berganidan so‘ng xorijiy raqam orqali bog‘langan operator mijozni ishontirish uchun noto‘g‘ri va tekshirilmagan ma’lumotlar taqdim etadi. To‘lov amalga oshiriladi va mahsulot kuryer orqali yetkazib beriladi. Biroq, mahsulot samarasiz bo‘lsa yoki nojo‘ya ta’sir ko‘rsatsa, sotuvchi bilan qayta bog‘lanish deyarli imkonsiz bo‘ladi.
‼️ Shu bois, ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan bunday biologik faol qo‘shimchalar og‘ir kasalliklarni davolamasligi, aksincha, sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Biologik faol qo‘shimchalar dori vositasi hisoblanmaydi va kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallanmagan. Ular faqat organizm funksional holatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tavsiya etiladi.
Shuning uchun har qanday biologik faol qo‘shimchani qabul qilishdan oldin yo‘riqnomani diqqat bilan o‘rganish va albatta shifokor bilan maslahatlashish zarur.
Ma’lumot uchun: Biologik faol qo‘shimchalar reklamasiga qo‘yiladigan talablar “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 35-moddasida belgilangan bo‘lib, unda ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar hamda oziq-ovqat qo‘shimchalarini reklama qilishga oid qoidalar aniq ko‘rsatib o‘tilgan.
🔘ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi;
🔘ularni qo‘llash natijasida odamlar davolangani, ularning ahvoli yaxshilanganiga doir muayyan hollarga havolalarni o‘z ichiga olmasligi;
🔘ularning qo‘llanilgani munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorlik izhorini o‘z ichiga olmasligi;
🔘sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
🔘ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining tadqiqotlar o‘tkazilgani, davlat ro‘yxatiga olingani to‘g‘risidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek, boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qo‘llash uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;
🔘har bir holda reklama obyekti dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerakligi belgilangan.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni biologik faol qo‘shimchalarni qabul qilishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqiradi. Ularni iste’mol qilishdan oldin tarkibini o‘rganish, sertifikatlanganligini tekshirish va albatta shifokor bilan maslahatlashish zarur. Ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali reklamalarga ishonmaslik hamda noma’lum manbalardan mahsulot xarid qilmaslik tavsiya etadi.








