Raqobat qo‘mitasi tomonidan fuqarolardan savdo, elektron tijorat, kommunal xizmatlar, bank-moliya, ta’lim hamda avtotransport savdosi bilan bog‘liq tushayotgan murojaatlar o‘rganilib, iste’molchilar huquqlari himoya qilinmoqda.
Hududlar kesimida misollar
🔘Buxoro viloyati
Fuqaro “Buxara Avto Magnat” MChJga avtotransport sotib olish uchun shartnoma asosida oldindan 79 mln so‘mga yaqin to‘lov amalga oshirganligi, ayrim sabablarga ko‘ra shartnoma bekor qilinganligi, biroq to‘lovlar qaytarib berilmayotganligidan norozi bo‘lib, Raqobat qo‘mitasiga murojaat qildi.
O‘rganishlar natijasida qo‘mitaning Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi va murojaatchiga to‘langan 79 mln so‘mga yaqin to‘lov to‘liq qaytarib berilishiga erishildi.
🔘Farg‘ona viloyati
Hududiy boshqarmaga Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.A. tomonidan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro yashab turgan xonadonida suv hisoblagich mavjud bo‘lishiga qaramasdan, suv ta’minoti korxonasi tomonidan unga 5 mln 200 ming so‘mga yaqin qarzdorlik hisoblanganidan noroziligini bildirgan.
O‘rganishlar natijasida suv ta’minoti korxonasi tomonidan amalga oshirilgan hisob-kitoblar qayta ko‘rib chiqildi va suv hisoblagich ko‘rsatkichi 625 m³ holatiga to‘g‘rilandi. Natijada fuqaroga asossiz hisoblangan qarzdorlik bekor qilindi va fuqaroning suv ta’minoti korxonasidan 163 250 so‘m miqdorda haqdorligi ta’minlandi.
🔘Jizzax viloyati
Fuqaro haydovchilik guvohnomasi olish uchun avtomaktab o‘quv kurslariga yozilib, belgilangan 4 mln 300 ming so‘m to‘lovni amalga oshirgani, ammo ayrim sabablarga ko‘ra sertifikat olish imkoniga ega bo‘lmagani hamda to‘lagan mablag‘ini qaytarib ololmayotganini yuzasidan Qo‘mitaga murojaat qildi.
O‘rganish ishlari natijasida fuqaro tomonidan o‘qish uchun to‘langan 4 mln 300 ming so‘m mablag‘ to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
🔘Qashqadaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro Qarshi shahrida joylashgan “FAVORITE-CARS-SERVICE” MChJ avtosalonidan avtomashina xarid qilish uchun to‘liq to‘lovni amalga oshirgani, ammo belgilangan vaqtda avtomashinani olib keta olmagani sababli keyinchalik transport vositasini topshirish masalasi hal etilmayotgani yuzasidan amaliy yordam so‘ragan.
O‘rganish ishlari natijasida tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchilik bartaraf etildi hamda avtomashina fuqaroga belgilangan tartibda topshirilishi ta’minlanib, murojaat iste’molchi foydasiga hal etildi.
🔘Sirdaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A.N. tomonidan murojaat kelib tushdi.
Murojaatda fuqaroga “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ Guliston shahar bo‘limi tomonidan ichimlik suvi xizmatlari uchun asossiz qarzdorlik hisoblangani sababli ushbu holatni qayta ko‘rib chiqishda amaliy yordam so‘ralgan.
O‘rganish ishlari natijasida iste’molchiga nisbatan hisoblangan qarzdorlik asossiz ekani aniqlanib, qayta hisob-kitob qilindi hamda fuqaro foydasiga 200 ming so‘mdan ortiq noreal qarzdorlik bekor qilinib, murojaat ijobiy hal etildi.
🔘Toshkent viloyati
Raqobat qo‘mitasiga fuqaro avtomashina xarid qilish uchun kredit rasmiylashtirish vaqtida “ALSKOM SUG‘URTA” kompaniyasi bilan sug‘urta shartnomasini imzolagani, lekin avtomashina bilan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda, avtomashinaga yetkazilgan zarar qoplab berilmaganligidan e’tiroz bildirib murojaat yo‘llagan.
Hududiy boshqarma mas’ul xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida murojaatchiga 13 mln so‘mga yaqin pul mablag‘i o‘tkazib berilishiga erishildi.
🔘Xorazm viloyati
Fuqaro xarid qilgan Cherry Arrizo 6 pro Comfort avtomobili kafolat muddati davrida nosozlikka uchragani va bu bo‘yicha tadbirkorga murojaat qilgani, lekin avtomobili tuzatib berilmayotganligidan norozi bo‘lib, Raqobat qo‘mitasiga murojaat qildi.
O‘rganishlar jarayonida, holat yuzasidan tadbirkorlik subyektiga “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilishi natijasida fuqaroning Cherry Arrizo 6 pro Comfort rusumli avtomobili tuzatib berildi va iste’molchi huquqi tiklandi.







