Andijon viloyatida «AND OBOD» MChJga nisbatan tegishli ta’sir chorasi ko‘rildi
Raqobat qo‘mitasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan aholining manfaatlarini himoya qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda chiqindilar bilan bog‘liq ekologik holatni yaxshilash yuzasidan o‘rganishlar olib borildi
O‘rganishlarda mazkur viloyatda faoliyat olib borayotgan «AND OBOD» MChJ tomonidan aholiga maishiy chiqindilarni yig‘ish va tashib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 19,21-moddalari talablari buzilganligi aniqlandi.
Xususan, mazkur korxona o‘z zimmasiga yuklatilgan hududlarda chiqindilarni belgilangan grafik asosida to‘plash va tashib chiqish ishlarini to‘liq va sifatli bajarmagani ma’lum bo‘ldi. Buning oqibatida ayrim hududlarda ko‘plab chiqindilar to‘planib qolgan.
Olib borilgan hisob-kitoblar natijasida korxona tomonidan iste’molchilardan jami 3 mlrd 585 mln so‘mga yaqin miqdorda asossiz ortiqcha daromad olingani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan «AND OBOD» MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha iste’molchilarga ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun asossiz olingan mablag‘lar iste’molchilarga qaytarish hamda qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.








