Raqobat qo‘mitasi tomonidan respublika hududlari kesimida iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda
Jumladan,
🔘Xorazm viloyati misolida
Fuqaroning sug‘urta pullari qaytarib berildi!
Urganch tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning “My Insurance” tomonidan sug‘urta mukofoti qaytarib berilmayotganligidan norozi bo‘lib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
O‘rganishlar natijasida, tadbirkorlik subyektiga qonuniy tushuntirish berildi va fuqaroning 1 846 746 so‘m miqdoridagi sug‘urta mukofoti qayta hisob-kitob qilib berildi. Hududiy boshqarma aralashuvi natijasida fuqaroning huquqlari to‘liq himoya qilindi.
🔘Sirdaryo viloyati misolida
Iste’molchilar huquqlari qonun himoyasida!
Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A.A. “Kapital sug‘urta” AJ tomonidan transport vositasiga yetgan zarar qoplanmayotganligi yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
O‘rganishlar natijasida sug‘urta kompaniyasiga qonuniy tushuntirish berildi va fuqaroga 14 000 000 so‘m miqdoridagi sug‘urta tovoni to‘lab berilishi ta’minlandi. Hududiy boshqarma aralashuvi natijasida iste’molchining huquqlari to‘liq tiklandi.
🔘Samarqand viloyati misolida
Fuqaroning huquqlari qonun himoyasida!
Samarqand viloyat Raqobat boshqarmasiga fuqaro A.Xo‘rozov “Humans” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan “Viza” plastik kartasidan 18 798 000 so‘m mablag‘ roziligisiz mobil telefon sim kartasiga o‘tkazilganligi yuzasidan murojaat qilgan.
O‘rganishlar natijasida, fuqaro murojaati asosli ekanligi aniqlandi va “Humans” kompaniyasi tomonidan 18 798 000 so‘m mablag‘ to‘liq qaytarilishi ta’minlandi. Shu bilan birga, kompaniyaga kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi yuzasidan tushuntirish berildi.
🔘Navoiy viloyati misolida
Tibbiyot maskani tomonidan pullik xizmatlarda narxlar oshirilishi aniqlandi.
Navoiy viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan 2025-yil yanvar-iyun oylari davomida 26 turdagi pullik tibbiy xizmatlarda jami 16 494 marotaba ko‘rsatilgan xizmatlar uchun 17,0 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ olinganligi aniqlandi.
O‘rganishlar natijasida, Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qaroriga asosan Navoiy viloyati hududiy Raqobat boshqarmasi tibbiyot markaziga iste’molchilardan olingan mablag‘larni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berdi.
🔘Jizzax viloyati misolida
Sh.RaShidov tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar “Hududgaz” Jizzax gaz ta’minoti filiali tomonidan foydalanilgan tabiiy gaz uchun asossiz dalolatnoma tuzilganligi yuzasidan murojaat qilgan.
O‘rganishlar natijasida filialga nisbatan ish qo‘zg‘atildi va asossiz hisoblangan jami 52,1 mln so‘m mablag‘ fuqarolar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi. Hududiy boshqarma aralashuvi natijasida iste’molchining huquqlari to‘liq himoya qilindi.
🔘Farg‘ona viloyati misolida
Fuqaro murojaati ijobiy hal etildi!
Oltiariq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro B.Rasulov “Farg‘ona suv ta’minoti” AJ tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanayotganligi yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
O‘rganishlar natijasida fuqaroning xonadonida iste’mol qilingan ichimlik suv hajmlari va amalga oshirilgan to‘lovlar taqqoslanganda, 540 000 so‘m asossiz qarzdorlik mavjudligi aniqlandi. Amaldagi hisoblagich ko‘rsatkichi elektron dasturga to‘g‘ri kiritilganda, fuqaro 76 508 so‘m haqdor ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Hududiy boshqarma aralashuvi natijasida fuqaro B.Rasulov foydasiga jami 616 508 so‘m qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.








