11,2 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi
Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari tomonidan davlat xaridlari sohasida amalga oshirilgan monitoring va kelib tushgan murojaatlarni o‘rganishlar natijasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli ta’sir choralari ko‘rib kelinmoqda.
Xususan: Buxoro viloyati misolida – Buxoro shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining 1 ta 500 mln so‘mdan ortiq;
Farg‘ona viloyati misolida – Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining 6 ta 8 mlrd so‘mga yaqin;
Jizzax viloyati misolida – G‘allaorol tuman Agrotexnologiya texnikumining 1 ta 140 mln so‘mga yaqin; – Paxtakor tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining 4 ta 766 mln so‘mlik; – Do‘stlik tuman Obodonlashtirish boshqarmasining 1 ta 17 mln so‘mga yaqin;
Navoiy viloyati misolida – Xatirchi tumani tibbiyot birlashmasining 7 ta 1,7 mlrd so‘mga yaqin; – Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyati filialining 1 ta 100 mln so‘mlik;
eng yaxshi takliflarni tanlash savdolarini o‘rganish natijasida O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganligi, ya’ni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.
Yuqoridagilarga muvofiq, Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilish alomatlari bilan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Davlat xaridlari sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash hamda raqobat uchun teng imkoniyatlarni yaratish Raqobat qo‘mitasining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Aniqlangan qonunbuzilishlarning oldi olinishi davlat mablag‘larining samarali va shaffof sarflanishini ta’minlaydi, shu bilan birga tadbirkorlar uchun ochiq va adolatli raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.








