Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan iste’mol tovarlarining sifati va xavfsizligi normativ talablarga muvofiqligini o‘rganish maqsadida nazorat xaridlari amalga oshirilmoqda.
Hududlar kesimida misollar
🔘Buxoro viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan aholiga yetkazilayotgan ko‘mir mahsulotlarining sifati va xavfsizligini tekshirish maqsadida viloyatda sotilayotgan ko‘mirdan namuna olinib, “Uz Test” Namangan filiali sinov laboratoriyasiga yuborildi.
🔘Jizzax viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Jizzax shahri “Eski shahar” dehqon bozoridagi do‘konlardan “Don non”, “Mohtob” va “Buyuk” nomli 1-navli bug‘doy unlaridan namuna olinib, laboratoriya tahliliga yuborildi. Natijada barcha namunalarda temir va rux moddalari miqdori belgilangan me’yorlarga javob bermasligi aniqlanib, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.
🔘Namangan viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan “Mustafa Estetik XIS” MChJning “MUSTAFO” shirinlik mahsulotidan nazorat uchun namuna olinib, laboratoriyaga topshirildi. Tahlil natijasida mahsulot sanitariya talablariga javob bermasligi va yorlig‘ida ishlab chiqarilgan sana hamda yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagani aniqlandi.
Amaldagi me’yoriy hujjat talablarini buzgan korxonaga belgilangan tartibda bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
🔘Qashqadaryo viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan “Ko‘mir ta’minot” MChJ Qashqadaryo viloyati filiali omborida ko‘mir mahsulotining sifati va saqlanish sharoitini o‘rganish bo‘yicha nazorat tadbiri o‘tkazildi.
Nazorat davomida ko‘mirdan belgilangan tartibda namuna olinib, laboratoriya sinovi uchun vakolatli organga yuborildi.
🔘Samarqand viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Samarqand shahrida “SAM-FLOUR PRODUCTION” MChJ ishlab chiqargan un mahsulotlaridan nazorat uchun namuna olinib, laboratoriya tahliliga topshirildi. Tahlil natijasida oliy navli bug‘doy unida temir moddasi aniqlanmagani va rux miqdori me’yordan kamligi ma’lum bo‘ldi.
Shu asosda korxonaga unni mikronutriyentlar bilan boyitgan holda realizatsiya qilish bo‘yicha tegishli tartibda bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
🔘Surxondaryo viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Termiz shahridagi do‘konlarida nazorat xaridi o‘tkazilib, “SALAR MEAT Produkt”, “Sper Kola kompaniyasi”, “TUNIS VMASLA OIL”, “Golden Grant Business” MChJ, “Sho’rchidonmaxsulotlari” AJ, “Sano Milk” MChJ, “ECO TRADE” MChJ, “GULTEPA O‘G‘LONLARI” XK, “TUNIS VMASLA OIL” kabi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tegishli oziq-ovqat mahsulotlaridan 46 tasidan namunalar olinib, laboratoriyaga topshirildi.
Tahlillarda 36 ta mahsulotning yaroqlilik muddati o‘tgani aniqlandi va xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan ma’muriy chora ko‘rish yuzasidan tegishli ma’lumotlar sud organlariga yuborildi.
🔘Xorazm viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan bug‘doy uni mahsulotlaridan namunalar xarid qilinib, laboratoriyaga topshirildi. Tahlillar “Arimex” MChJning “E’zoz” va “Pitnak agro don” MChJning “Oydin” un mahsulotlarida mikronutriyentlar miqdori juda past ekanligini ko‘rsatdi.
Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hududiy bo‘limlariga vakolati doirasida tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatma yuborildi.








