Raqobat qo‘mitasi ogohlantiradi!
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida o‘rganishlar olib bormoqda.
So‘nggi paytlarda iste’molchilardan noma’lum shaxslar tomonidan “Uzum nasiya” nomidan qo‘ng‘iroqlar qilingani haqida ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Xususan, «firibgarlar» ****21242 raqamidan qo‘ng‘iroq qilib, “Siz aksiyada maishiy texnika yutib oldingiz, yutuqni olish uchun identifikatsiyadan o‘ting”, degan bahona bilan fuqarolardan telefon raqamiga kelgan SMS-kodni aytishni so‘ramoqda. Aslida esa, ular fuqarolar nomiga muddatli to‘lov shartnomasi rasmiylashtirib, hech qanday tovar yetkazib berilmayotganligidan shikoyatlar ko‘paymoqda.
Qo‘mita tomonidan: ⏺firibgarlik yo‘li bilan masofaviy moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish holatlarini oldini olish,
⏺ axborot tizimlarida xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash,
⏺ aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda bunday holatlarni takrorlanmasligi choralarini ko‘rish maqsadida “SHAFFOF-MOLIYA” MCHJ, “UZUM MARKET” MCHJ hamda Markaziy bangga tegishli murojaatlar yuborildi.
Hurmatli iste’molchilar! Shubhali qo‘ng‘iroqlarga ishonmang! Shaxsiy ma’lumotlaringizni, SMS-kodlarni yoki identifikatsiya ma’lumotlarini begona shaxslarga bermang! Noma’lum platformalardan ro‘yxatdan o‘tishdan oldin ularning ishonchliligini tekshiring.








