Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga savdo, ish va xizmatlar sohasida fuqarolardan tushayotgan murojaatlar ijobiy hal etilmoqda.
Murojaatlar hududlar kesimida
Toshkent viloyati Hududiy boshqarmaga O‘rta Chirchiq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro internet do‘konidan led chiroqlarini xarid qilgani, lekin mahsulotda nosozlik kuzatilgani sababli uni almashtirib berilishida yoki to‘lagan pul mablag‘larini qaytarib berilishida amaliy yordam so‘ragan.
O‘rganishlar natijasida “Internet do‘koni” tomonidan murojaatchiga led chiroqlari uchun to‘langan 189 ming so‘m pul mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi.
Toshkent shahar Hududiy boshqarmaga Yangihayot tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro R.X.ning kelib tushgan murojaatida “Zohid Kabob” restoraniga qarashli Shayxontohur tumani, Beshqayrag‘och ko‘chasida joylashgan filiali hisob-kitob vaqtida xodim tomonidan xatoga yo‘l qo‘yilib, ortiqcha 620 ming so‘m pul mablag‘i hisoblanganiga e’tiroz bildirib, ushbu holatlar yuzasidan amaliy yordam berishni so‘ralgan.
O‘rganishlar natijasida “Zohid Kabob” MCHJ tomonidan kamchiliklar bartaraf etilib, fuqarodan ortiqcha yechib olingan pul mablag‘i to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
Surxondaryo viloyati Hududiy boshqarma Termiz shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro L.X.ning “Ishonch” savdo do‘konidan xarid qilgan sovitkichi nuqsonli chiqqani sababli yangisiga almashtirib berishni so‘rab yozgan murojaati o‘rganib chiqildi.
Murojaatni o‘rganish natijasida fuqaroga sotuvchi tomonidan sovitkich sifatlisiga almashtirib berilishi ta’minlandi.
Sirdaryo viloyati Hududiy boshqarmaga Guliston tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro B.I.dan kelib tushgan murojaatda “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ Guliston shahar bo‘limi tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblangani, ushbu qarzdorlikni qonun doirasida qayta ko‘rib chiqilishida amaliy yordam berilishi so‘ralgan.
Murojaat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi va natijada “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ tomonidan iste’molchiga nisbatan hisoblangan qarzdorlik 4,2 mln so‘mdan ziyod noreal qarzdorlik xatlov yo‘li bilan dasturdan olib tashlanib, iste’molchining buzulgan huquqlari tiklanishi ta’minlandi.
Samarqand viloyati Hududiy boshqarmaga fuqaro N.A.ning mebel ishlab chiqaruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektdan uy jihozlari xarid qilgan, ammo barcha jihozlarni o‘rnatib berilmaganidan norozi bo‘lib murojaat qoldirgan.
Holat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlarda fuqaro murojaati asosli ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi. Aniqlangan kamchiliklar to‘liq bartaraf etilib, murojaat ijobiy hal qilindi.
Qashqadaryo viloyati Hududiy boshqarmaga Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi N.A.ning xonadoni bir necha yildan hozirgi vaqtga qadar suv ta’minotidan uzilgan bo‘lsa-da, suv ta’minoti korxonasidan asossiz qarzdorlik chiqarilganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.
Murojaat o‘rganib chiqilganda haqiqatdan ham murojaatchi suv ta’minotidan uzilgan bo‘lib, suv saqlash hovuzidan foydalanib kelayotgani, ta’minotchi korxonaning bee’tiborligi sababli asossiz ravishda qarzdorlik yuzaga kelgani aniqlandi. Shundan so‘ng «Qashqadaryo suv ta’minoti» aksiyadorlik jamiyati Qarshi shahar filiali elektron dasturdagi 9 mln so‘m qarzdorlik mutaxassislar ishtirokida dalolatnoma asosida bartaraf etildi.