Respublika bo‘ylab iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda
Andijon viloyati misolida
Hududiy boshqarmaga fuqaro U.A. tomonidan “Texno mebel” do‘konidan sotib olingan telefon uchun ortiqcha 1 500 000 so‘m yechib olingani haqida murojaat kelib tushdi.
O‘rganish davomida shartnoma onlayn tarzda, texnik xatolik bilan boshqa mahsulotga rasmiylashtirilgani aniqlandi va natijada, iste’molchiga ortiqcha yechib olingan pul mablag‘i qaytarilib, murojaat ijobiy hal etildi.
Buxoro viloyati misolida
Hududiy boshqarmaga fuqaro N.Barakayevning qilgan murojaatida elektr hisoblagichning aloqa moduli ishlamasligi va elektr korxonasi tomonidan yangisi bilan almashtirib berilmayotgani bildirilgan.
Murojaat hududiy boshqarma tomonidan o‘rganilib, ko‘rilgan choralar natijasida “Buxoro HETK” AJ tomonidan aloqa moduli yangisiga almashtirildi.
Farg‘ona viloyati misolida
Fuqaro L. Azimovaning hududiy boshqarmaga yo‘llagan murojaatida, xizmat ko‘rsatish shartnomasi mavjud bo‘lmagan holda “Rustam UJKX” MChJ tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblangani bildirilgan.
Boshqarma tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida 600 000 so‘m ga yaqin bo‘lgan asossiz qarzdorlik billing tizimidan o‘chirildi.
Jizzax viloyati misolida
Hududiy boshqarmaga fuqaro M.Z. “Uzum nasiya” platformasidagi telefon xaridi bo‘yicha noqulaylik yuzasidan murojaat qilgan.
Fuqaro to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirganiga qaramay, kechikib to‘langan oxirgi to‘lov uchun ish haqidan bir vaqtning o‘zida 2 oylik to‘lov MIB orqali undirilgan va murojaatlariga javob berilmagan.
Boshqarma tomonidan o‘rganishlar natijasida ortiqcha undirilgan 1 600 ming so‘mga yaqin bo‘lgan mablag‘ fuqaroga qaytarilib, murojaat ijobiy hal etildi.
Namangan viloyati misolida
Fuqaro “Dermalayf” kompaniyasidan 800 000 so‘mga xarid qilgan biologik faol qo‘shimcha mahsulotdan norozi bo‘lib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Murojaat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilib, kompaniya xodimlariga “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari tushuntirildi.
Natijada iste’molchiga to‘langan pul mablag‘i to‘liq qaytarilib, murojaat ijobiy hal etildi.
Navoiy viloyati misolida
Fuqaro S.X.ning “Ishonch telefoni” orqali yo‘llagan murojaati hududiy boshqarma tomonidan o‘rganildi.
Murojaatda fuqaro “Paynet” shoxobchasi orqali 800 000 so‘m to‘lov amalga oshirgani, lekin mablag‘ plastik kartaga tushmagani bildirilgan.
Olib borilgan ishlar natijasida “Paynet” AJ tomonidan ushbu summa S.X.ning kartasiga o‘tkazilishi ta’minlandi va murojaat ijobiy hal etildi.