Raqobat qo‘mitasi savdo, kommunal xizmatlar va ijtimoiy sohalarda iste’molchilarning murojaatlarini ijobiy hal etmoqda
Murojaatlar yechimi hududlar kesimida
Xorazm viloyati
Hududiy boshqarmaga Urganch shahrida yashovchi fuqaro D.T. xarid qilgan 1 888 740 so‘mlik changyutgichi nosoz bo‘lib chiqqani sababli unga to‘lagan pulini qaytarishda yordam so‘rab murojaat qilgan.
O‘tkazilgan o‘rganish natijasida mahsulot nuqsonli ekanligi tasdiqlandi. Tadbirkorlik subyektiga qonunchilik talablari tushuntirildi va fuqaroga mablag‘i to‘liq qaytarib berildi.
Toshkent viloyati
Hududiy boshqarmaga fuqaro “Broccolli Plus” MCHJ bilan 2022-yilda tuzilgan shartnoma asosida xonadon xarid qilgani, ammo 2024-yil 3-choragida topshirilishi kerak bo‘lgan uy muddatida qurib bitkazilmagani yuzasidan yordam so‘rab murojaat qilgan.
O‘rganish davomida holat tasdiqlanib, natijada mazkur MCHJ joriy yilning dekabr oyigacha fuqaroga xonadonni topshirishini ma’lum qildi. Boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19 va 21-moddalari buzilishini bartaraf etish bo‘yicha belgilangan tartibda ko‘rsatma berildi.
Surxondaryo viloyati
Hududiy boshqarma fuqaro Q.T.ning Termiz shahridagi “Chery” avtosalonidan xarid qilgan yangi avtomobilida qisqa muddatda nuqsonlar aniqlangani sababli amaliy yordam so‘rab yo‘llagan murojaati o‘rganib chiqilganda shikoyat o‘z tasdig‘ini topdi.
Natijada, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasi asosida avtosalon tomonidan avtomobildagi nuqsonlar bartaraf etilishi ta’minlandi.
Sirdaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Guliston shahridagi fuqaro A.H. “Gulistonshahargaz” tomonidan asossiz ravishda qarzdorlik hisoblanganidan norozi bo‘lib murojaat qildi.
O‘rganishlar davomida gaz ta’minoti korxonasi tomonidan qayta hisob-kitob qilinib, iste’molchiga nisbatan hisoblangan 15 mln 273 ming so‘mga yaqin miqdordagi qarzdorlik asossiz ekanligi aniqlandi va fuqaro huquqlari himoyasi ta’minlandi.
Samarqand viloyati
Hududiy boshqarmaga fuqaro T.O‘. “Garand” MCHJdan muzlatkich xarid qilgani, biroq to‘lov miqdori haqida to‘liq ma’lumot berilmagani sababli muammoga uchragani bo‘yicha murojaat yo‘llagan.
Murojaat mutasaddi mutaxassislar tomonidan tezkor o‘rganilib, huquqiy tahlil va tomonlar bilan suhbatlar olib borildi. Natijada fuqaroning buzilgan huquqlari tiklanib, muzlatkich do‘konga qaytarildi va tuzilgan shartnoma bekor qilinishi ta’minlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Raqobat qo‘mitasiga Nukus shahrida istiqomat qiluvchi N.T. qilgan murojaatida “Agro Mir” savdo do‘konidan 10 kg piyoz urug‘ini 2 200 000 so‘mga sotib olgani, urug‘ sifatsiz chiqqanidan noroziligini bildirib, pulini qaytarib olishda amaliy yordam berishni so‘ragan.
Murojaat asosida o‘rganish o‘tkazilib, “Agro Mir”ga qonun talablari tushuntirildi va urug‘ uchun to‘langan pul fuqaroga qaytarilishi ta’minlandi.