Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, ijobiy hal etib borilmoqda
Murojaatlar hududlar kesimida
Andijon viloyati
Fuqaro X.M. “O’zbegim” savdo markazidagi “Idea” do‘konidan muddatli to‘lov asosida telefon xarid qilgan. Telefon yaroqsiz bo‘lib chiqqan va qaytarilganiga qaramasdan, “IMAN Invest” kompaniyasi tomonidan 2 200 000 so‘m qaytarib berilmagan. O‘rganish natijasida, mazkur summa iste’molchiga qaytarildi va huquqlari tiklandi.
Jizzax viloyati
Fuqaro hududiy boshqarmaga qilgan murojaatida ta’kidlashicha, u “Roodell” MChJ bilan KIA Bongo avtomobili uchun shartnoma tuzib, shu kuni to‘lovning yarmini naqd shaklda, qolgan qismini kredit asosida amalga oshirgan. Buyurtma hali yetkazib berilmasdan shartnomani bekor qilish maqsadida avtosalonga murojaat qilgan, biroq avtosalon xodimlari shartnoma bekor qilinishi uchun shartnoma qiymatining 5 foizini to‘lash talab qilinganini ma’lum qilgan.
Navoiy viloyati
Fuqaro X.A. maishiy texnika do‘konidan SHIVAKI kondisionerini sotib olgan. O‘rnatilgandan so‘ng, mahsulotda issiqlik chiqarishda muammo aniqlangan. Savdo va servis markaziga bir necha bor murojaat qilingan, ammo ijobiy natija bo‘lmagan.
Hududiy boshqarma o‘rganishi natijasida, “XATIRCHI CITY HAMROHI” MChJ tomonidan yangi tovarga almashtirib berildi.
Namangan viloyati
Hududiy boshqarmaga fuqaro A.O. iste’mol qilgan elektr energiyasi uchun 1 018 200 so‘m asossiz qarz hisoblanganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. O‘rganishlar natijasida, elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining 118-bandiga asosan, qarz asossiz deb topilib, iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Samarqand viloyati
Fuqaro “Agromir Buildings” qurilish kompaniyasiga 42,1 mln so‘m to‘lov amalga oshirganini, lekin subsidiya hujjatlarini rasmiylashtirish imkoni bo‘lmagani sababli shartnomani bekor qilish uchun murojaat qilganini bildirgan. Kompaniya to‘lovni 1 oyda qaytarishga va’da bergan, ammo belgilab berilgan muddatda pul mablag‘lari qaytarilmagan.
Mazkur holat mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, shartnoma bekor qilindi va fuqaroga 42 mln 201 ming so‘m to‘liq qaytarildi.
Toshkent viloyati
Fuqaro “KIA SONET” avtomobilidagi nosozliklar haqida murojaat qilgan. Olib borilgan o‘rganishlar natijasida, “SST INVEST ONE” MChJ diler korxonasi mutaxassislari tomonidan nosoz deb topilgan ehtiyot qism olib kelinib, avtomobil soz holatga keltirildi.
Xorazm viloyati
Fuqaro “Aminov texnika markazi”dan 10 mln so‘mga “Immer 75” televizor sotib olgan. Kafolat muddatida mahsulot nosoz holatga kelgan, servis markaziga bir necha bor murojaat qilganiga qaramasdan, ta’mirlab berilmagan.
Holat o‘rganilib, televizor nuqsonli deb topildi va fuqaroning xohishiga ko‘ra yangisiga almashtirib berildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan iste’molchi, sifatli va ishonchli tovar hamda xizmat olish, to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish, zarur hollarda shartnomani bekor qilish huquqiga ega.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasiga asosan sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.