Joriy yilning 20-21-noyabr kunilari Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) va Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) a’zo-ishtirokchi davlatlarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlarning maslahat yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur maslahat yig‘ilishda 40 dan ortiq iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yurituvchi xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan tashkilotlarning vakillari ishtirok etmoqda.
Xalqaro yig‘ilishda Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumov mamlakatmizda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida Davlat tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumotlar berib o‘tdi.
Shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti a’zo davlatlari iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlarining Maslahat yig‘ilishida ishtirok etadigan xalqaro va xorijiy tashkilotlar delegatsiyalarining ishtirok etayotgani mavjud muammolarni ilmiy, nazariy va amaliy jihatdan ko‘rib chiqilishiga hamda xalqaro tajribalar almashishiga zamin yaratishini bildirdi.
O‘z navbatida xorijiy davlatlar tajribalarini atroflicha o‘rgangan va xalqaro ekspertlarni hamda tashkilotlarni jalb qilgan holda O‘zbekistonda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Milliy strategiyasini ishlab chiqish ustida ishlar boshlangani ta’kidlandi.
Shu bilan birga O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va boshqa nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari ham jamoatchilik nazorati subyektlari sifatida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda davlat organlariga asosiy ko‘makchi ekanligiga alohida e’tibor qaratildi.