Ijtimoiy tarmoq orqali “UZUM MARKET”dan xarid qilingan buyurtmalardan ba’zilari “kechikayotgani”…” yuzasidan murojaat qoldirilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘rganishlar jarayonida “UZUM MARKET” MCHJ XK orqali 1 million 350 ming so‘mlik mahsulotlar buyurtma qilingani, ilova bo‘yicha tekshirib ko‘rilganda ushbu mahsulotlar xaridorga yetkazilganligi, biroq keltirilgan buyurtmalar ichida bir nechta maishiy kimyo tovarlari yo‘qligi, iste’molchining bu borada jamiyatga qilgan murojaatlari esa hal etilmayotganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining:
1-moddasiga muvofiq, tovar (ish, xizmat)ning nuqsoni – tovar (ish, xizmat)ning normativ hujjatlarning majburiy talablariga, shartnoma shartlariga yoxud tovar (ish, xizmat)ning sifatiga odatda qo‘yiladigan talablarga nomuvofiqligi hisoblanadi.
6-moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart.
281-moddasiga muvofiq, Tovarni namuna va (yoki) uning tavsifi bo‘yicha realizatsiya qilish chog‘ida sotuvchi (ijrochi) namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq bo‘lgan tovarni taqdim etishi, shuningdek iste’molchiga tovarni qabul qilib olishida uning butligini, yaroqliligini va iste’mol xususiyatlari to‘liq saqlanganligini tekshirish imkoniyatini berishi shart. Agar tovar namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq bo‘lmasa, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini bu haqda oldindan xabardor qilishi kerak. Tovar namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq bo‘lmagan hollarda, iste’molchi uni almashtirishni yoki pul summasini qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
Tovarni qaytarib berish bilan bog‘liq barcha xarajatlar sotuvchining (ijrochining) zimmasida bo‘ladi.
Iste’molchining aybisiz yetkazilgan shikastlantirishlar, shuningdek tovarni ko‘zdan kechirish va uni tekshirib ko‘rish maqsadida qadog‘ini ochish sababli tovar qiymatining pasayishi iste’molchini shartnomani bekor qilish huquqidan mahrum etmaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasiga muvofiq, elektron tijorat operatorlari qonunchilik talablariga rioya yetishi shartligi belgilangan.
Qo‘mita tomonidan korxonaga mazkur tartib-qoidalar tushuntirib o‘tildi, natijada holat “UZUM MARKET” MCHJ XK tomonidan ixtiyoriy bartaraf etildi. Buyurtmadagi kechiktirilgan mahsulotlarni iste’molchiga yetkazilishi ta’minlandi.