Qo‘mita rahbariyatining Germaniyaga qilgan tashrifining amaliy natijalaridan biri sifatida 2024-yil 23-oktyabr kuni Germaniyaning Myunxen shahrida joylashgan jahonning eng ilg‘or “g‘oya markazlaridan” biri hisoblanadigan Maks Plank nomidagi ilmiy-tadqiqot institutining Innovatsiyalar va raqobat Instituti bosh tadqiqotchisi doktor Darya Kim ishtirokida Qo‘mita xodimlari uchun raqobat siyosati, intellektual mulk va raqamli platformalar hamda sun’iy intellekt masalalarni o‘z ichiga qamrab olgan maxsus o‘quv treningi bo‘lib o‘tdi.
Treningda asosiy e’tibor raqobat huquqi va intellektual mulk huquqining innovatsiyalarni rag‘batlantirishdagi o‘zaro ta’siriga qaratildi, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlardagi holat tahlil qilindi, shuningdek raqamli platformalar va sun’iy intellekt texnologiyalarining raqobatni tartibga solishdagi roli ko‘rib chiqildi.
Trening davomida ishtirokchilar
innovatsiyalarning huquqiy omillari;
intellektual mulkni himoya qilishning rivojlanishdagi o‘rni;
rivojlanayotgan mamlakatlarda raqobat huquqini qo‘llash masalalari;
raqobat huquqi va intellektual mulk huquqi o‘rtasidagi o‘zaro mutanosiblik;
raqamli platformalarni tartibga solish;
sun’iy intellektning raqobatga ta’siri kabi muhim mavzularni muhokama qilindi.
Treningning asosiy maqsadi Qo‘mita mutaxassislarining malakasini oshirish hamda raqobat huquqi va intellektual mulkni himoya qilish orqali innovatsiyalarni qanday rag‘batlantirish mumkinligi haqida bilimlarini mustahkamlash, ushbu yo‘nalishlarda, ayniqsa raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt texnologiyalarini tartibga solishda eng ilg‘or xalqaro amaliyotlarni chuqur o‘rganish va tatbiq etishdan iborat bo‘ldi.
Qo‘mita Maks Plank Innovatsiyalar va raqobat Instituti bilan hamkorlikni davom ettiradi, va ushbu hamkorlik o‘quv treninglarni tashkil etish, Qo‘mita huzuridagi Tadqiqot markazi bilan birgalikda qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda Qo‘mita tomonidan ishlab chiqilayotgan qonun hujjatlari loyihalarini xalqaro amaliyotlarga va standartlarga mosligi yuzasidan Institut tomonidan ekspertizadan o‘tkazishdan iborat bo‘ladi.