Bugungi kunda tibbiy tashxislar tibbiyot muassasalaridagi laboratoriya, fizioterapiya hamda diagnostika uskunalari yordamida o‘tkaziladi. Shu sababli mazkur xizmatlar sifatli va kafolatlangan bo‘lishi lozim.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarning murojaatlari asosida respublika tibbiyot muassasalarida qo‘llanilayotgan tibbiy texnikalarning foydalanishga yaroqligi va uning xavfsizligi bo‘yicha davriy sinovlardan o‘tkazilishi bo‘yicha o‘rganishlar olib bordi.
Toshkent shahar misolida
Hududiy boshqarma tibbiyot muassasalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati hamda tibbiy asbob-uskunalarning metrologik tekshiruvdan o‘tkazilganlik holatlari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazganda 6 ta tibbiyot muassasalari (Yunusobod tumani Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi, Yunusobod tumani tumanlararo 3-son teri-tanosil kasalliklari dispanseri, 7-son shahar klinik shifoxonasi davlat korxonasi, Toshkent shahar Tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi, Toshkent shahar 9-son tumanlararo perinatal markazi, Toshkent shahar Ibn Sino nomli shahar klinik shifoxonasi) tomonidan 17 mingdan ortiq iste’molchilardan ko‘rsatilgan sifatsiz xizmat uchun 806 mln so‘mlik pul mablag‘larini olganlik holatlari aniqlandi.
Toshkent viloyati misolida
Hududiy boshqarma o‘tkazgan o‘rganishlarda Qibray tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan kafolat muddati o‘tgan sertifikatli texnika jihozi bilan bir yil davomida iste’molchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatilgani ma’lum bo‘ldi. O‘rganishlar natijasida 2023-yilning avgust oyidan 2024-yilning shu oyiga 23 dona tibbiy ko‘rik texnikasi orqali 550 nafar fuqaroga ko‘rsatilgan xizmat natijasida jami 25 mln so‘mga yaqin ortiqcha haq olinganligi aniqlandi.
Sirdaryo viloyati misolida
Hududiy boshqarma tomonidan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida o‘tkazilgan o‘rganishlarda o‘tgan 2021-2022-2023-yillar mobaynida jami 200 dan ortiq pullik xizmat turi bo‘yicha 25 775 nafar iste’molchidan ortiqcha 60 mln so‘mga yaqin pul mablag‘lari olinganlik holatlari aniqlangan.
Yuqoridagi hududlar kesimida aniqlangan holatlardan kelib chiqib, Qo‘mitaning hududiy organlari (Toshkent shahar, Toshkent viloyati va Sirdaryo viloyati) Maxsus komissiyalari tomonidan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 6 va 21-moddalari va Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomi talablari buzilish alomatlari bilan xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalariga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, asossiz olingan 900 mln so‘mga yaqin pul mablag‘larini 44 mingdan ortiq iste’molchi foydasiga qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Hurmatli iste’molchilar! Laboratoriya, fizioterapiya hamda diagnostika xizmatlaridan foydalanishda albatta ko‘rsatilayotgan xizmatlar va ularning turlari, narxlari, tibbiy texnika jihozlarining davriy qiyoslovdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot va sinov sertifikatlari bilan tanishishni unutmang.