Ijtimoiy tarmoq orqali “Shodlik” mahallasiga qarashli 7 etajkada joylashgan Havasdan narsa olinganda chekiga ahamiyat beringlar, ortiqcha narsalarni qo‘shib berishyapti, xaridimda shunday bo‘ldi” mavzusida murojaat qoldirilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Qo‘mita tomonidan o‘rganishlar olib borilganda “XAVAS FOOD” MCHJ savdo do‘koni xodimi tomonidan mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani ya’ni iste’molchiga xizmat ko‘rsatayotgan davrda xarid jarayonini yakunlamagani va mahsulot narxi ikkinchi xaridorga o‘tib ketishi oqibatida qo‘shimcha tovar qiymati kelib chiqqani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasida sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilab berilgan.
O‘rganishlar natijasida savdo qoidalariga rioya etmagan xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan, mehnat xodimlari o‘rtasida bunday holatni qayta takrorlanmasligi uchun muomala madaniyati va kasbiy malakaga qaratilgan tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek, savdo do‘koni tomonidan xaridordan uzr so‘ragan holda nazorat kassa chekidagi qo‘shimcha hisoblangan pulni qonun hujjatlariga muvofiq qoplab berishga tayyor ekanligini bildiradi.