Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘z vakolatlari doirasida joylashtirilayotgan reklama axborotlarining qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan olib borilgan o‘rganish va tahlil ishlari davomida “Instagram” ijtimoiy tarmog‘idagi “IPOTEKABANK” ATIB sahifasida bank tomonidan joriy qilingan “Super” nomli omonat turi bo‘yicha yillik foiz stavkasi 26 foizdan ekanligi bayon etilgan.
Ushbu axborotga bankning internetdagi rasmiy sahifasi joylashtirilgan ma’lumotlar asosida aniqlik kiritilishicha, “Super” nomli omonat turi shartlariga muvofiq mijozlardan kassa orqali depozitga qabul qilingan naqd pul mablag‘lari bo‘yicha dastlabki 3 oy uchun 26 foizdan va keyingi uch oy uchun 14 foizdan hisoblanishi, xuddi shuningdek, onlayn qabul qilingan depozit pul mablag‘lari bo‘yicha esa mos ravishda 26,09 va 14 foizdan hisoblanishi ma’lum bo‘ldi.
Bunda, “Super” nomli omonat turi bo‘yicha faqatgina dastlabki 3 oy uchun 26 foizdan pul mablag‘lari berilsa-da, ijtimoiy tarmoqdagi reklama axborotida omonatning muhim shartlari ochib berilmagan.
Reklamani bunday ko‘rinishda bo‘lishi reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishga olib keluvchi holatni ifodalashi mumkin.
Yuqoridagilarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasi, 43-moddasi va O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “IPOTEKABANK” ATIBga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.