Andijon viloyatidagi «Shangfeng-bridge of friendship» MChJ tomonidan ichki bozorga tannarxdan past narxlarda sement realizatsiya qilinayotganligi va buning oqibatida qolgan korxonalar bankrotlik yoqasiga kelib qolayotganligi yuzasidan boshqa tadbirkorlik subyektlari tomonidan Qo‘mitaga murojaat qilingan edi.
Ushbu holatni atroflicha o‘rganish va mavjud vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Halilillo Turaxujayev Farg‘ona viloyatida mazkur sohadagi tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq formatda uchrashuv o‘tkazdi.
Ochiq formatda o‘tkazilgan muloqot jarayonida: Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlarida faoliyat olib boruvchi 13 ta sement ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyekti vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda tadbirkorlar o‘zlarini qiynab kelayotgan sohadagi 5 ta asosiy muammolarni ko‘tardilar.
Ko‘tarilgan masalalar yuzasidan:
xususan, Andijon viloyatidagi «Shangfeng-bridge of friendship» MChJ tomonidan ichki bozorga tannarxdan past narxlarda sement realizatsiya qilinayotganligi holatida demping alomatlari mavjudligini komission tartibda ko‘rib chiqish uchun unga so‘rov kiritilganligi, ammo ushbu ma’lumotlar vaqtida taqdim etilmaganligi sababli ayni vaqtda «Shangfeng-bridge of friendship» MChJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilganligi va ushbu holat Qo‘mita nazoratida ekanligi ma’lum qilindi.
Shuningdek, boshqa ko‘tarilgan sohadagi muammolar yuzasidan holatni batafsil o‘rganib chiqib, Hukumatga aniq asoslantirilgan takliflar kiritilishi tadbirkorlarga tushuntirildi.