Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ularni hal etish yuzasidan ko‘plab ishlar amalga oshirib kelinmoqda. O‘tgan 2023 yil davomida 40 mingdan ortiq murojaatlar Qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda ham ushbu boradagi ishlar tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolar M.B. va T.F.lar “ASQASHQADARYO SERVIS” SHK xizmatidan norozilik bildirib Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qilishgan.
Ushbu murojaatda fuqarolar Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan “ASQASHQADARYO SERVIS” SHK bilan “TRACKER-2” rusumli avtomashina xarid qilish uchun o‘zaro shartnoma tuzishganligi hamda shartnomaga asosan har birlari 116 000 000 mln so‘mdan jami 232 000 000 mln so‘mlik to‘lovlarni amalga oshirganliklarini ma’lum qilishgan.
Keyinchalik ma’lum bir vaqt o‘tgandan so‘ng, fuqarolar shartnoma shartlaridan norozi bo‘lib, korxonaga shartnomani bekor qilish hamda amalga oshirilgan to‘lovlarni qaytarish uchun amaliy yordam so‘rab murojaat qilganliklari ammo korxona ma’muriyati murojaatchilarning arizasini o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaganligini ma’lum qilishgan.
Hududiy boshqarmaning o‘rganish ishlari natijasida yuqoridagi barcha holatlar o‘z isbotini topgan va ushbu holat yuzasidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 8-9-moddalariga asosan “ASQASHQADARYO SERVIS” SHK hamda iste’molchilar o‘rtasida tuzilgan shartnoma boshqarmaning ko‘rsatmasiga asosan bekor qilindi va “TRACKER-2” rusumli avtomashinasi uchun to‘langan umumiy 232 000 000 mln so‘m pul mablag‘lari fuqarolar foydasiga to‘liqligicha qaytarib berilishi ta’minlandi.