Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy organlariga, bevosita yeki ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqindi bilan bog‘liq muammolar yuzasidan fuqarolardan ko‘plab e’tirozlar bildirilgan murojaatlar kelib tushmoqda.
Xususan, Qo‘mitaning Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi mazkur yo‘nalish bo‘yicha iste’molchilardan tushgan murojaatlar asosida o‘z o‘rganishlarini o‘tkazdi.
Ma’lumki, Qashqadaryo viloyati statistik ko‘rsatgichlariga ko‘ra, viloyat 15 ta tuman (shahar)larga ega bo‘lib, unda 821 ta mahalla (3482,3 ming aholi) mavjud. O‘rganishlar davomida ayni damda sanitar tozalash korxonalari tomonidan 762 ta mahalla (2533,04 ming aholi)ga chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Mazkur raqamlar shuni ko‘rsatadiki, bu xizmatlar viloyatning 92,8 foiz mahallasi yoki 72,7 foiz aholisini qamrab olgan.
Haqiqatda esa viloyat aholisi to‘liq xatlovdan o‘tkazilmaganligi, sanitar tozalash korxonalari chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari bo‘yicha shartnomalar aholi xonadonlari bilan emas, mahalla fuqarolar yig‘ini bilan ommaviy oferta asosida tuzilganligi natijasida mahalladagi har bir xonadon (chiqindi topshirmaydigan, bugungi kunda istiqomat qilmaydigan, xizmat sifatidan norozi aholi xonadonlari)ga ham uzluksiz xizmat haqlari hisoblanishi va chiqindilarni 10 kundan 15 kungacha bo‘lgan muddatda kechiktirib olib ketilayotganligi uchun ko‘pgina aholi xonadonlari mazkur xizmat turidan foydalanish hamda to‘lovlarni qilish borasida e’tirozlari ko‘payganini ko‘rsatadi.
Bu holat Vazirlar Mahkamasining 06.02.2019-yildagi 95-son qarori talablariga ham zid hisoblanadi.
O‘rganish jarayonida 2024-yilning 1-choragida davridagi chiqindi tashish xizmati ko‘rsatilishi davri uchun iste’molchi abonentlar-xonadonlarga hisoblangan qarzdorlik summalari, bu davrda ularga turli sabablar natijasida chiqindi tashish xizmatlarining ko‘rsatilmaganlik vaqtlari uchun ularga hisoblanib kelinayotgan qarzdorlik summalari tahlil qilindi.
Tahlil viloyatdagi MFYlari kesimida chiqindi tashish xizmatidan foydalanadigan abonentlar soni, abonent sifatida hisobda turuvchi xonadonlardagi aholi soni, xizmatdan foydalanadigan xonadonlarga ko‘rsatiladigan xizmat uchun hisoblangan qarzdorlik summalari, aholi xonadonlariga hisoblangan qarzdorlik summalari tarkibidagi xizmat ko‘rsatilmagan qismi uchun qayta hisob-kitob qilingan summalar ko‘rsatkichlari vositasida o‘tkazilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, iste’molchi abonentlar xonadonlariga hisoblangan qarzdorlik summalari tarkibidagi ko‘rsatilmagan xizmatlar qismi uchun nomuayyan doiradagi 351 153 ta xonadonlarda yashovchi 1 452 276 nafar iste’molchiga jami 15 mlrd 593 mln 340 ming 700 so‘m qarzdorlik hisoblanganligi aniqlandi.
Xizmat ko‘rsatuvchi subyektlar tomonidan iste’molchilarga ushbu xizmat turini ko‘rsatilishi davomida O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasida shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan shartlari haqiqiy emasligi, ya’ni sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilanganligi sababli xizmat ko‘rsatilmagan kunlarga aniqlik kiritildi.
Qayta hisob-kitoblar natijasida jami 10 929 445 471 so‘mlik mablag‘ qarzdorlik hisobidan chiqarilib, iste’molchilar foydasiga hal qilinishi ta’minlandi.
Shu o‘rinda, tadbirkorlik subyektlariga chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga qat’iy amal qilishi, har yili mahalla fuqarolar yig‘ini bilan birgalikda o‘zlariga biriktirilgan hududda xatlov ishlarini o‘tkazish hamda aholi soniga aniqlik kiritib borish maqsadga muvofiq ekanligini eslatib o‘tamiz.
Ma’lumot o‘rnida. Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning minimal davriyligi chiqindi to‘plash shoxobchalaridan – bir kunda bir marotaba va yakka tartibdagi turar joy sektoridan “signal” usulida – uch kunda bir marotabani tashkil qilishi belgilangan.
Chiqindi qutilari, ulardan belgilangan maqsadda foydalanilishi va xizmat ko‘rsatilishi (tozalash, bo‘shatish v.h.) uchun qulay bo‘lgan joyga o‘rnatilishi, piyodalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalar aravachalari hamda velosipedlar harakatiga xalaqit bermasligi, toza va soz holatda saqlanishi, shuningdek, barcha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq bo‘lishi lozim.