YUNESKO tashkiloti tomonidan 21-fevral – Xalqaro ona tili kuni deb eʼlon qilingan. Mazkur sana 2001-yildan buyon xalqaro miqyosda nishonlanib kelinmoqda.
Xalqaro ona tili kunining mazmun-mohiyatida har bir xalqning oʻz milliy tafakkuri, maʼnaviyati, ruhiyatining oʻzagini tashkil etadigan tilga alohida muhabbatning belgisi oʻz aksini topadi. Mazkur kun ona tili bayrami sifatida nishonlanar ekan, bu bayram munosabati bilan har bir insonning oʻz Vatani va oʻz tiliga boʻlgan muhabbati, unga boʻlgan ehtiromi, qadrlash tuygʻulari yangilanadi.
Yurtimizda oʻzbek tilini rivojlantirishga hukumat tomonidan katta eʼtibor qaratilmoqda. Davlat tilini mavqeyini yanada oshirish uchun qator farmon va qarorlar qabul qilinmoqda. Bugungi kunda ona tilimiz jahon minbarlarida baralla yangrayotganligi har birimizga cheksiz gʻurur va faxr baxsh etadi.
Ona tilimizning qadri va qaddi hamisha baland boʻlsin.