Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga Qibray tumanida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkor Abror Xalimov murojaat qilgan. U o’z murojaatida Qibray shaharchasi, G’.G’ulom MFY, A.Navoiy ko’chasi, 1a uyda joylashgan tijorat do’koni binosi “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qibray TETK xodimlari tomonidan elektr ta’minotiga o’zboshimchalik bilan ulanilgan deb topilganligi, natijada 272448-000063-sonli dalolatnoma rasmiylashtirilib, asossiz 114 167 880 so’m miqdorida qarzdorlik hisoblanganligi haqida aytib o’tgan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan murojaat joyiga chiqib o’rganildi. O’rganish jarayonida “Toshkent HETK” AJ bilan tadbirkor o’rtasida yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmog’iga ulash bo’yicha 2019-yil 8-oktabrda 2444-1089-sonli shartnoma rasmiylashtirilgan. Ushbu shartnomaga asosan tadbirkor Abror Xalimov tomonidan to’lov amalga oshirilganligi, shuningdek, elektr energiyasini hisobga olish tizimini plombalash va elektr ta’minoti shartnomasini tuzish bo’yicha my.gov.uz sayti orqali 28.10.2019-yilda 13784051-sonli ariza berilganligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatda Abror Xalimov tomonidan elektr tarmoqlariga ulanish uchun O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31.03.2018-yildagi 256-sonli qaror bilan tasdiqlangan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo’yicha davlat xizmatlari ko’rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to’g’risidagi qaror talablari doirasida ishlar amalga oshirilgan. Biroq, “Toshkent HETK” AJ mas’ullarining belgilangan muddatlarda hisoblagichni plombalash hamda elektr ta’minoti shartnomasini o’z vaqtida rasmiylashtirmagan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan «Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJga nisbatan ish qo’zg’atilib, maxsus komissiya qaroriga asosan O’zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to’g’risida”gi Qonunning 16-moddasi birinchi qismi uchinchi xatboshisi talablari buzilgan deb topilgan hamda tadbirkorga asossiz hisoblangan jami 114 167 880 so’m qarzdorlikni hisobdan chiqarish bo’yicha ko’rsatma berilgan. Ko’rsatma ijrosi bajarilib, asossiz hisoblangan jami 114 167 880 so’m qarzdorlik hisobdan chiqarilgan.