Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida bo‘ldi.
Tatariston Respublikasi bilan hamkorlikdagi mazkur texnopark o‘tgan yil 23 mart kuni ochilgan edi. Bugungi kunda 10 million dollarlikdan ziyod 5 ta korxona ishga tushirilgan. Joriy yil yakuniga qadar qiymati 18 million dollar bo‘lgan yana 8 ta loyiha amalga oshiriladi.
Xususan, “Rodium Polimer” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ko‘piklantirilgan polipropilen mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Koreyalik ishbilarmonlar bilan birgalikda amalga oshirilgan bu korxonada yiliga 2 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, 2 million dollarlik eksport qilinadi.
Shu yerda Toshkent viloyatidagi yangi sanoat, xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy soha majmualarini ishga tushirish marosimi bo‘ldi. Bular – Ohangaron tumanidagi “Tashkent Konch sement”, Quyi Chirchiq tumanidagi “Tashkent kotton tekstil”, Yuqori Chirchiq tumanidagi “Aziya Tashkent Tekstil”, “Salyubris Vita”, Angren shahridagi “Angren kaolin”, “Sentral Aziya Kemikals”, Nurafshon shahridagi “Agro Nyu Drip”, Chirchiq shahridagi “Sharq Tyubs”, Parkent tumanidagi “Samsarak fayz” va “Shabnam Elegant”lardir. Bu korxalarda sement, ip-kalava, to‘qimachilik, farmatsevtika, boyitilgan kaolin, kimyo mahsulotlari, tomchilatib sug‘orish shlanglari, rangli metallar ishlab chiqariladi. Umuman, mazkur korxonalarda 3 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.
Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni ishga tushirdi.
Shundan so‘ng, Prezident raisligida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda mahalliy budjet daromadlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Videoaloqa orqali uni Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyati, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ham kuzatib bordi.
O‘tgan yilda Toshkent viloyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirish hajmi 135 foizga o‘sib, 480 million dollarni tashkil qilgani ta’kidlandi. Shuningdek, o‘tgan olti oyda investitsiya dasturlari doirasida 240 million dollarlik 322 ta loyiha ishga tushirilib, 8 mingta ish o‘rni yaratilgan.
Lekin ayrim tuman va shaharlarda faqat kichik va o‘rta loyihalar bilan cheklanib qolinmoqda. Misol uchun, O‘rtachirchiq, Chinoz, Qibray, Toshkent, Yangiyo‘l tumanlari va Nurafshon shahrida birorta ham yirik loyiha yo‘q.
Shu bois har bir tuman va shahar hokimiga yil yakuni bilan kamida 100 million dollardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Joriy yilning olti oyida viloyatda 440 million dollarlik eksport qilingan. Sanoat va xizmat sohasi ko‘rsatkichlari ham oshgan. Lekin ayrim tuman va shaharlar kesimida olganda, tushgan. Bu yil qurilishi reja qilingan 114 ta ko‘p qavatli uy-joylardan hozirgacha atigi 9 tasi foydalanishga topshirilgan.
Bu borada kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator rahbarlar lavozimidan ozod qilindi.
Prezident joylarda soliq bazasini kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlarni sanab o‘tdi. Har bir tadbirkorning muammosini hal qilishga alohida soliqchi mas’ul bo‘lishi belgilandi. Soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tuzilmaga aylantirish, xodimlarining ma’naviy-axloqiy qiyofasini yaxshilash dolzarbligi ta’kidlandi.
Aholi bandligini ta’minlash va imtiyozli resurslarning yetib borishini osonlashtirish choralari belgilandi. Unga ko‘ra, ndilikda hokim yordamchilari o‘zini o‘zi band qilganlarning kichik va o‘rta biznesga o‘tishiga ko‘maklashadi.
Buning uchun Yaponiya tajribasi asosida hududlarda biznes-inkubator va akseleratorlar tizimi joriy etiladi. Bunda, salohiyatli tadbirkorlarga dastlabki aylanma mablag‘lari uchun “ulushdorlik” kapitali beriladi.
“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi asosida 400 ming aholi bandligini ta’minlash tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilish yakunida tegishli vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlarining axboroti tinglandi.