O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan respublika hududida faoliyat yuritayotgan “Zoodpay” ( “Zoodpay” MChJ) savdo belgisi ostidagi mikrokreditlash korxonasi ta’sischisi hisoblangan “Orientswiss Tashkent” MChJ QK ustav fondining 99,99 foiz ulushini monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olmasdan Birlashgan Arab Amirliklarida ro‘yxatdan o‘tgan “Zooduz Holding Limited” kompaniyasiga sotish bo‘yicha bitim tuzilganligi holati yuzasidan ish qo‘zg‘atildi.
Ma’lumot uchun: Shveysariyaning “Orientswiss S.A” kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Zood brendi ostida ekotizimga kiruvchi Zoodmall marketpleysi, Zoodpay mikrokredit tizimi, Zoodship logistika va yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatadigan raqamli platforma O‘zbekiston, Pokiston, Iroq va Livan davlatlarida 300 mlndan ortiq jismoniy shaxslardan hamda 5 mln biznes subyektlaridan iborat bo‘lgan foydalanuvchilarga ega.
Ushbu bitimni tuzish bo‘yicha harakatlar amaldagi O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni 17-moddasi ikkinchi qismi talablariga zid holatda amalga oshirilgan.
Ya’ni ushbu moddaga muvofiq, quyidagi hollarda monopoliyaga qarshi organning shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyekt ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitimlarga oldindan roziligini olish zarur bo‘ladi, agar:
bunday shaxs yoki shaxslar guruhi ko‘rsatilgan aksiyalarning (ulushlarning) 50 foizidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olsa;
bitimda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushum BHMning 100 000 baravari miqdoridan ortiq bo‘lsa yoxud bitim ishtirokchilaridan biri tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyekt bo‘lsa.
O‘rganish jarayonida ulushlari sotilayotgan “Orientswiss Tashkent” MChJ QK aktivlarining balans qiymati hamda tovar aylanmasi BHMning 100 000 baravari miqdoridan ortiqligi aniqlandi.
Qo‘mita tomonidan ushbu holat yuzasidan raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga asosan qonun buzilishini bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan javobgarlikni qo‘llash choralari ko‘rilmoqda.
Shuni ta’kidlash lozimki, yangi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni raqamli platformalar faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi va Qo‘mita raqobatni ta’minlash nuqtai nazaridan ularni tartibga solish vazifasini amalga oshiradi.
Bugungi kunda, Qo‘mita tomonidan raqamli platformalarni tartibga solish mexanizmlari xalqaro tashkilotlar (Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki) ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda hamda yangi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kirishi bilan mazkur hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.
Shu o‘rinda, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek qonunchilikda belgilangan holatlarda, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondi (ustav kapitali)dan ulush (aksiya) olish bo‘yicha monopoliyaga qarshi organdan oldindan rozilik olish talab etilishini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz.