Yangi xonadon uchun to‘langan boshlang‘ich to‘lov qaytarildi
Koson tumanida istiqomat qiluvchi yosh oila a’zosi D.K. yangi xonadon olish uchun quruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzib, 30 000 000 so‘m boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirgan.
Qolgan to‘lovlarni tijorat banklari orqali kredit asosida to‘lash maqsadida barcha banklarga murojaat qilgan, ammo tijorat banklari ayrim sabablarga ko‘ra kredit ajratmagan.
Muammolar o‘rtasida qolgan fuqaro na boshlang‘ich to‘lovni qaytara oladi na yangi xonadon uchun qolgan to‘lovni amalga oshiradi.
Yangi xonadonni olish uchun qolgan mablag‘ni topa olmaganligi sababli fuqaro D.K. Koson tumanida faoliyat olib borayotgan quruvchi tashkilotga boshlang‘ich to‘lovni qaytarishni so‘rab bir necha marta murojaat qilishiga qaramay muammo ijobiy hal etilmaydi.
Shu sababli fuqaro D.K. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat yo‘lladi.
Hududiy boshqarma mutaxassislari ishtirokida olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasiga asosan murojaat ijobiy hal etildi. Fuqaro tomonidan quruvchi tashkilotga yangi xonadon uchun to‘langan boshlang‘ich mablag‘ 30 000 000 so‘m to‘liqligicha qaytarib olib berildi.