YANGI XARID QILINGAN AVTOMOBILNING NUQSONLI EHTIYOT QISMI SIFATLISIGA ALMASHTIRIB BERILISHI TA’MINLANDI
Iste’molchi 2023-yilning 25-may kuni “ONIX LTZ Turbo AT” modelidagi avtomobilni xarid qilib oladi. Xarid qilingan kundan 2 kun o‘tgach, avtomobil yoqilg‘i nasosi (benzonasos)da nuqson aniqlangan. Dastlab salondan benzin hidi chiqa boshlagan bo‘lsa, keyinchalik avtomobilni yurishida keskin o‘zgarishlar bo‘la boshlagan. Iste’molchi bu holat yoqilg‘i nasosining sifatsizligi bilan bog‘liq ekanligi uchun uni almashtirib berishlarini so‘rab avtosalonga va xizmat ko‘rsatish markaziga murojaat qiladi, biroq xodimlar tomonidan uning muammosini hal etilishi ikki oydan ortiq vaqt davomida paysalga solinadi.
Shundan so‘ng, iste’molchi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga o‘z murojaatini qoldiradi. Murojaat Raqobat qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasida, iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan Chakana savdo qoidalarining:
126-bandiga muvofiq, Kafolat muddati mobaynida avtomobillarni almashtirish, kuzov yoki kamida ikkita agregatni almashtirish zarur bo‘lgan taqdirda, ekspert komissiyasi qaroriga ko‘ra (ushbu Qoidalarning 130-bandiga muvofiq) amalga oshiriladi.
128-bandiga muvofiq, avtomototransport vositasidagi kamchiliklar bartaraf etilgan taqdirda ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan belgilangan kafolat muddati transport vositasidan foydalanilmagan vaqtga uzaytiriladi.
O‘rganish davomida “UzAuto Motors” AJ hamda uning dilerlik tashkiloti bo‘lgan “PSM-Avtosavdo” MCHJni jalb etgan holda, avtomobilning nuqsonli ehtiyot qismi boshqa yangi soz ehtiyot qismiga almashtirib berildi.