Yangi raqobat qonunchiligi – raqobatni himoya qilishning zamonaviy huquqiy asosi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining media-rejasiga asosan, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng targ‘ib etish va tushuntirish maqsadida bugundan boshlab respublikamiz bo‘ylab o‘tkaziladigan o‘quv seminarlarga start berildi.
Buxoro viloyatida “Yangi raqobat qonunchiligi – raqobatni himoya qilishning zamonaviy huquqiy asosi” mavzusida tashkil etilgan dastlabki seminarda davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda Qo‘mita xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan tayyorlangan taqdimot orqali “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun bilan mustahkamlangan ustun mavqe va ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishni taqiqlash, korxonalar tomonidan raqobatni cheklaydigan hujjatlar qabul qilinishi hamda harakatlar amalga oshirilishini (harakatsizlikni) taqiqlash, birja, tender va tanlov savdolarida raqobatni cheklashga qarshi talablar haqida to‘liq ma’lumotlar berildi.
Qo‘mitaning Monopoliyaga qarshi komplayensni joriy etish bo‘limi xodimi Toir Salimov, Davlat xaridlari bo‘yicha savdolarni nazorat qilish bo‘limi xodimi Sanjar Kaxarov, Tovar-xom ashyo birjalari va iste’mol bozorlarida narxlarni nazorat qilish boshqarmasi mas’ul xodimi Javlon Ibragimov va Qo‘mitaning Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Nuriddin Jabborovlar so‘zga chiqib, yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari, davlat xaridlari va birja savdolari qoidalari to‘g‘risida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdilar.
Shuningdek, davlat xaridlarini o‘tkazishda raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi hamda davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish borasida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berishdi.
Buxoro viloyatida o‘tkazilgan tadbir soha xodimlarining o‘z faoliyatlari uchun bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilish bilan ahamiyatli bo‘ldi.