Yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan
Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Hurmatli Senat a’zolari!
Hurmatli Qonunchilik palatasi deputatlari!
Xorijiy diplomatik korpus vakillari!
Xonimlar va janoblar!
Mana shu tarixiy va hayajonli daqiqalarda avvalo menga yuksak ishonch bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylagan barcha yurtdoshlarimga yana bir bor chin qalbimdan samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Muqaddas Vatanimiz timsoli va mustaqilligimiz ramzi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘iga, madhiyamiz va gerbimizga, menga topshirilgan Prezidentlik Oliy nishoni va bayrog‘iga yuksak hurmat bajo keltiraman.
Aziz do‘stlar!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanishimni men inson huquq va erkinliklarini, xalq manfaatini ta’minlashga qaratilgan siyosatimizning yana bir yuksak e’tirofi sifatida qabul qilaman.
Bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi yangilangan Konstitutsiyamiz asosida o‘tkazilgani unga chinakam xalqchil ruh va mazmun bag‘ishladi. Ushbu saylovda xalqimiz o‘z xohish-irodasini emin-erkin bildirib, Yangi O‘zbekiston uchun ovoz berdi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim va mas’uliyatli bu siyosiy jarayon el-yurtimiz bilan birgalikda tanlagan va amalga oshirayotgan milliy taraqqiyot yo‘limiz naqadar to‘g‘ri ekanini yana bir marta tasdiqladi.
Saylovda 15 ta xalqaro tashkilotdan 466 nafar, 47 ta xorijiy davlatdan 331 nafar vakil xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Shu bilan birga, 1400 nafar mahalliy va xorijiy jurnalistlar saylov jarayonlarini atroflicha yoritib bordi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining uzoq muddatli missiyalari butun saylov jarayonlarini bevosita kuzatib bordi.
Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo assambleyasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkilotidan ham kuzatuvchilar ishtirok etdi. Bularning barchasi ushbu saylov jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otganini ko‘rsatadi.
Mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar saylov milliy qonunchiligimiz va umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida, erkin va demokratik, sog‘lom raqobat va siyosiy kurash muhitida, ochiqlik va shaffoflik ruhida o‘tganini e’tirof etdilar. Bu, o‘z navbatida, barchamizni birlashtirib, o‘z kuch va imkoniyatimizga bo‘lgan ishonchimiz, xalqimiz, Vatanimiz oldidagi mas’uliyatimizni yanada oshirishi tabiiy, albatta.
Hurmatli tantanali marosim qatnashchilari!
Olijanob va bag‘rikeng xalqimiz menga yana bir bor katta ishonch bildirib, buyuk Vatanimiz taqdiri uchun butun mas’uliyatni o‘z zimmamga olish imkonini berganini shu hayajonli lahzalarda yanada chuqur anglab, qalbim cheksiz g‘urur va iftixor tuyg‘ulariga to‘lmoqda.
Shu bilan birga, bugun yelkamga qanday ulug‘vor mas’uliyat olayotganimni, Vatanimiz mustaqilligi, 36 milliondan ziyod aziz xalqimning tinchligi va farovonligi uchun shaxsan javobgar ekanimni yurak-yuragimdan his etib turibman.
Mana shunday yuksak ishonch uchun, hurmat va e’tibor uchun ko‘pmillatli, mard va donishmand xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan ta’zim qilaman.
Nomzodimni ilgari surgan va saylov kampaniyasi davomida asosiy tayanchim bo‘lgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining a’zolari va faollariga, biz bilan hamfikr bo‘lib, nomzodimni qo‘llab-quvvatlagan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillariga, barcha tarafdorlarim hamda ishonchli vakillarimga chin qalbimdan tashakkur aytaman.
Saylovda munosib ishtirok etgan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod – Robaxon Mahmudovaga, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan – Ulug‘bek Inoyatovga, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan – Abdushukur Hamzayevga alohida minnatdorlik bildirib, ularning kelgusi ishlariga yutuq va omadlar tilayman.
Albatta, biz turli siyosiy partiyalarga mansub bo‘lishimiz, turli g‘oya va qarashlar tarafdori bo‘lishimiz mumkin. Demokratiya degani ham aslida shu. Ammo mohiyat e’tibori bilan qaraganda, barchamizning, butun O‘zbekiston xalqining maqsadi bir. Bizning barchamizni Vatan, el-yurt manfaati birlashtiradi.
Shu sababli biz saylovda qatnashgan partiyalarimiz dasturlaridagi eng muhim fikrlar va amaliy takliflarni kelgusi faoliyatimizda albatta e’tiborga olamiz. Barchamiz Yangi O‘zbekiston degan yagona va ulug‘ maqsad atrofida yanada jipslashib, xalqimizning orzu-armoni bo‘lgan mana shu ezgu g‘oyani amalga oshirish yo‘lida hamkorlik qilamiz.
Muhtaram vatandoshlar!
Bugun, ushbu tantanali marosimda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri saylovchilariga, barcha tuman va shaharlarimiz, qishloq va ovullarimiz aholisiga, yurtimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan mahalla faollariga, fuqarolik instituti vakillariga, hayotimizning nuru ziyosi bo‘lgan aziz faxriylarimizga, jamiyatimiz rivojiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan qadrli opa-singillarimizga, kelajagimiz egalari – navqiron yosh avlodimizga, suyukli o‘g‘il-qizlarimga, chet ellarda ta’lim olib, mehnat qilayotgan, Vatan mehri bilan yashayotgan barcha vatandoshlarimizga chin yurakdan tashakkur bildiraman.
Ayni vaqtda ishlab chiqarish va ijtimoiy sohalarda fidokorona mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilarga, tadbirkor va fermerlarga, bunyodkor quruvchilarimizga, fidoyi ustoz va murabbiylarga, ilm-fan, ijod va san’at ahliga, muhtaram ulamolarimizga, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlariga, dunyodagi eng ulug‘ va sharafli vazifani ado etayotgan jasur harbiylarimizga, barcha Vatan himoyachilariga, jahon maydonlarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan matonatli sportchilarimizga alohida rahmat aytaman.
Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasi, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolariga, mahalliy hokimliklar hamda xorijiy mamlakatlardagi elchilarimizga, diplomatik vakolatxonalarimiz xodimlariga, saylov jarayonlarida qatnashgan mahalliy va xorijiy kuzatuvchilarga, ommaviy axborot vositalari vakillariga, jurnalist va blogerlarga samimiy minnatdorchilik izhor etaman.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishim munosabati bilan samimiy tabriklarini yo‘llagan mamlakatimizning barcha fuqarolariga, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, siyosat va jamoat arboblariga chuqur ehtiromimni bildiraman.
Qadrli vatandoshlar!
Xalqimizning bizga bildirgan yuksak ishonchi barchamizdan – deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlaridan, har bir yurtdoshimizdan belimizni yanada mahkam bog‘lab, avvalgidan ikki-uch karra ko‘proq g‘ayrat va shijoat bilan ishlashni talab etadi.
Shu ma’noda, oldimizda turgan davr O‘zbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davri bo‘ladi. Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi.
Yangi davr uchun yangi g‘oya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom ma’noda yangi davr bo‘ladi.
O‘zingiz ko‘rib turibsiz, bugun dunyo qanday shiddat bilan, keskin o‘zgarib bormoqda. Jahon miqyosida bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda. Ayni vaqtda oldindan tahlil qilib bo‘lmaydigan jarayonlardan iborat o‘ta murakkab yangi bir davr boshlanmoqda.
Yer yuzining turli mintaqalarida davom etayotgan qurolli mojarolar global tinchlik va osoyishtalikka jiddiy putur yetkazmoqda. Bunday nizo va to‘qnashuvlar, shafqatsiz raqobat savdo va investitsiya oqimlarini, tovar va xizmatlar aylanishini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bo‘yicha yangi muammolar keltirib chiqarmoqda.
Dunyo miqyosida iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani ham barqaror rivojlanishga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Biz mana shunday og‘ir va tahlikali vaziyatda xalqimiz manfaatlariga javob beradigan yagona to‘g‘ri yo‘lni – samarali ichki va tashqi siyosat yo‘lini aniq belgilab olishimiz va uni qat’iy amalga oshirishimiz lozim.
Islohotlarimizning ta’sirchanligi va bardavomligini ta’minlash uchun yo‘limizda uchrashi mumkin bo‘lgan barcha xavf-xatar, to‘siq va g‘ovlarni hisobga olishimiz va ulardan talafotsiz o‘tish choralarini ko‘rishimiz zarur.
Barchamiz birgalikda kelajakka ishonch bilan intilib, butun diqqat-e’tiborimizni oldimizda turgan vazifalarni hal etishga qaratishimiz, xalqimiz kutayotgan, davrning o‘zi talab etayotgan yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surishimiz lozim.
Biz o‘tmishdan, kechagi tariximizdan, yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarimizdan zarur xulosalar chiqarib, O‘zbekistonimizning dunyodagi o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirishimiz, Vatanimiz shuhrati va shon-sharafini hamma jabhalarda munosib va mardona himoya qilishimiz kerak.
Nega deganda, bugungi keskin raqobat olamida kechagi mezon va yondashuvlar bilan rivojlanib bo‘lmaydi. Bugungi zamon – bu kechagi zamon emas.
Shu bois, har bir imkoniyatdan oqilona foydalanib, har qanday muammoni aql bilan, ilm bilan hal qilishimiz, turli sinovlarni xalqimiz bilan bamaslahat, og‘ir-vazmin bo‘lib yengib o‘tishimiz kerak.
Parlamentimiz, hukumatimiz, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar o‘zlarining kelgusi faoliyatlarini mana shu omillarning barchasini inobatga olgan holda tashkil etishlari zarur.
Endi barcha soha va tarmoqlarda tizim o‘zgaradi, vaziyat o‘zgaradi, samaradorlik o‘zgaradi.
Biz saylovning ertasi kuniyoq belgilab olingan ulkan maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha qat’iy harakatlarni boshladik. Chunki vaqt, hayot bizni kutib turmaydi. Davrning o‘zi barchamizni tezkor bo‘lishga, kerak bo‘lsa, vaqtdan o‘zib ishlashga undamoqda.
Kimki “Saylov o‘tdi – safarbarlik tugadi”, deb o‘ylasa, xato qiladi. Haqiqiy safarbarlik endi boshlanadi. Chunki xalqimiz bizga ishonib topshirgan katta-katta reja va dasturlarni o‘zimiz bajarmasak, ayting, chetdan kim kelib bajarib beradi?
Kelgusi yetti yilga mo‘ljallab ishlab chiqilgan strategik maqsadlarga erishish uchun bizda barcha kuch va imkoniyatlar bor.
Qudratli xalqimizga tayanib, aql-zakovatimiz, bilim va tajribamizni ishga solib, islohotlarimiz sur’ati va samarasini yanada oshiramiz, hech qachon susaytirmaymiz. Qanchalik qiyin va mashaqqatli bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan ortga qaytmaymiz.
“Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori” degan shior bugundan boshlab hayotimiz qoidasiga, har qaysi rahbarning, barcha xalq noiblari, vazir va hokimlarning kundalik faoliyat dasturiga aylanishi shart.
Hurmatli deputat va senatorlar!
Yangilangan Konstitutsiyamizda muhrlangan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirish kelgusi faoliyatimizning asosiy ma’no-mazmunini tashkil etadi.
Saylovchilar bilan bo‘lgan barcha uchrashuvlarda men hayotimizni yaxshilash, uni har tomonlama erkinlashtirish haqida odamlarimizning juda ko‘plab fikr-mulohazalari, taklif va talablari bilan yaqindan tanishdim. Ularning asosiy qismi biz ishlab chiqayotgan taraqqiyot dasturidan albatta o‘rin oladi.
Shu maqsadda mavjud huquqiy-me’yoriy bazani yangilash bo‘yicha oldimizda keng ko‘lamli ishlar turganini sizlar albatta yaxshi tasavvur qilasiz. Ya’ni, qanday yangi qonunlarni qabul qilish, qaysi qonun hujjatlarini o‘zgartirish kerakligini sizlar hammadan ko‘ra yaxshi bilasiz. Chunki sizlar el-yurtimiz ishonch bildirgan, qonuniy vakolat bergan xalq vakillarisiz.
Qonunchilik va ijro hokimiyatini takomillashtirish, ixcham va samarali boshqaruv tizimini tashkil etishda biz sizlarga, sizlarning boy tajribangiz, bilim va salohiyatingizga, fidoyilik fazilatlaringizga tayanamiz.
Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilganidek, jonajon O‘zbekistonimizni millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir fuqaromiz tinch va erkin, baxtli va farovon yashaydigan ijtimoiy davlatga aylantiramiz. Jumladan, ta’lim va tarbiya, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarini rivojlantirish, yangi uy-joylar qurish, aholini ichimlik suvi, energiya bilan ishonchli ta’minlash, ijtimoiy infratuzilmalar ishini yaxshilash bo‘yicha belgilab olgan vazifalarni albatta bajaramiz.
Biz uchun Vatan ramzi bo‘lgan mahalla tizimini barcha islohotlarimizda markaziy va hal qiluvchi bo‘g‘inga aylantiramiz.
Tadbirkorlik uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratib, yangi-yangi ish o‘rinlari ochish, aholi daromadlarini ko‘paytirish, yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularning bandligini oshirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Aholining ehtiyojmand qatlamlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqamiz.
Hech shubhasiz, biz bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot bilan birga ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatga tayanamiz.
Saylovoldi uchrashuvlarida milliy o‘zligimiz va ezgu qadriyatlarimizni asrab-avaylash, madaniyat, ma’naviyat va ma’rifat sohalarini rivojlantirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash bo‘yicha belgilab olgan vazifalarni sizlar bilan, keng jamoatchilik bilan birgalikda amalga oshiramiz.
O‘zbekistonda barcha siyosiy huquqlar qatorida vijdon va e’tiqod erkinligi kafolatlari so‘zsiz ta’minlanadi.
Biz demokratiya va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirib, konstruktiv muxolifat faoliyatini, so‘z va matbuot erkinligi, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatishga bo‘lgan huquqlarini kafolatlaymiz.
O‘zbekiston fuqarolari dunyoning qaysi o‘lkasi yoki mintaqasida bo‘lmasin, qonunlarimiz himoyasida bo‘ladi. Chet eldagi vatandoshlarimiz bilan aloqalarni yanada mustahkamlaymiz.
Qadrli vatandoshlar!
Saylovoldi uchrashuvlarida har bir hududdagi eng dolzarb masala bilan bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qilib olganimiz albatta bejiz emas.
Maqsad – markaziy vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar va jamoatchilikni ana shu muammolar ichiga chuqurroq olib kirish, har bir hudud bo‘yicha yechimlarni aniq-aniq ko‘rsatib berish edi.
Endi hukumat ham, vazirlik va idoralar ham, mahalliy hokimliklar ham ana shu yo‘nalishlar bo‘yicha ishlaydi. Maqsad – aniq, vazifa – aniq, amalga oshiriladigan loyihalar – aniq, zarur mablag‘lar ham aniq-ravshan belgilab berilgan.
Odamlar endi bizdan yangi amaliy ishlarni kutyapti. Millionlab insonlar – ota-onalarimiz, opa-singillarimiz, o‘g‘il-qizlarimiz bugun bizga umid va ishonch bilan ko‘z tikib turibdi. Ana shunday umid va ishonchni oqlash, erishgan yutuqlarimizni yangi natijalar bilan mustahkamlash bizning nafaqat vazifamiz, balki insoniy burchimizga aylanishi shart.
Barcha bo‘g‘indagi rahbarlarga chiroyli, balandparvoz gapiga qarab emas, faoliyatining aniq natijasiga qarab baho beramiz.
Qonunlarni, odamlarni mensimaydigan, ularga qo‘pol munosabatda bo‘ladigan, byurokratiya va korrupsiya balosiga berilgan har qanday rahbar bilan – u vazir yoki hokim bo‘ladimi, boshqa mas’ul vazifadagi amaldor bo‘ladimi – salbiy harakatlari bilan davlat obro‘siga putur yetkazayotgan bunday kishilar bilan uzil-kesil xayrlashamiz. Ularning o‘rniga bilimli, Vatan va xalq tashvishi bilan yashaydigan yosh-yosh yigit-qizlarni qo‘yamiz.
Mana, safimizga yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarda o‘qigan, yirik kompaniyalarda ishlagan qancha-qancha salohiyatli yoshlar kirib kelmoqda. Men ularning timsolida avvalo ertangi kunimizning yangi rahbarlarini, hudud, tarmoq va sohalarning mohir boshqaruvchilarini ko‘raman.
Iqtisodiyot sohasida ham tub burilishlarni amalga oshiramiz. “Yashil iqtisodiyot”, “yashil energiya” tamoyillarini yanada keng joriy etamiz. Iqtisodiyotimizga kiritilayotgan investitsiyalar hajmini bir necha barobar oshiramiz.
Biz 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotimiz hajmini 160 milliard dollarga yetkazishdek juda katta marra oldik. Bunga erishish albatta oson bo‘lmaydi. Lekin bu yo‘lda aniq hisob-kitoblarimiz, real imkoniyatlarimiz bor. Tabiiy boyliklarimiz, mehnat resurslarimiz, intellektual va ma’naviy salohiyatimiz, ish tajribamiz yetarli.
Men O‘zbekiston yoshlariga yana bir bor murojaat qilmoqchiman: aziz o‘g‘il-qizlarim, bugun tarixning o‘zi, zamonning o‘zi sizlarning oldingizda beqiyos imkoniyatlar ochmoqda.
El-yurt koriga avvalo kim yaraydi?
Albatta, sizlar!
Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessansni kim barpo etadi?
Albatta, sizlar!
Yurtimiz, xalqimizni kelajakda kim rozi qiladi?
Albatta, sizlar!
Xalqimiz, Vatanimiz sizlarga ishonadi.
Sizlar O‘zbekiston tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan buyuk ishlarni amalga oshirishga qodirsiz.
Yoshlik – g‘animat, vaqt – g‘animat, fursat borida otni qamchilang! Davlatimiz, xalqimiz yaratib berayotgan imkoniyatlarning qadriga yeting! Dunyoga o‘z so‘zingizni ayting!
Izlanish va intilishdan aslo to‘xtamang!
Baxt va omad doimo sizlarga yor bo‘lsin!
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Ekologiya va atrof-muhitni asrash, suv taqchilligining oldini olish bundan buyon ham biz uchun dolzarb vazifa bo‘lib qoladi.
Biz, hech shubhasiz, ekologik muvozanat, musaffo havo, toza suv, bezavol tabiat tarafdorimiz. Bu masala biz uchun boshqalarga qaraganda nihoyatda dolzarb va muhimdir. Nega deganda, biz dunyodagi eng katta ekologik ofat – Orol fojiasini bevosita o‘z boshidan kechirayotgan xalqmiz. Shuning uchun hozirgi vaqtda respublikamizda bebaho ekologik tizimni saqlash va mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar, jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Biz kelgusida bu ishlarni yanada jadal davom ettiramiz.
Yangi quriladigan sanoat korxonalari loyihalarida bu masala bo‘yicha qattiq nazorat o‘rnatiladi. Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash uchun ham barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘ramiz.
Ayni paytda biz faqat dehqonchilik bilan kun ko‘radigan mamlakat bo‘lib qolmasligimiz kerak. Biz atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda, ishlab chiqarish industriyasi kuchli darajada rivojlangan davlatga aylanishimiz zarur.
Mamlakatimizda bugun mavjud bo‘lgan sanoat salohiyati, ochiq aytish kerak, dunyodagi ko‘pgina davlatlarda yo‘q. Biz mana shunday noyob salohiyatimizni yanada rivojlantirish, yurtimizni qudratli industriya makoniga, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan zamonaviy mamlakatga aylantirish bo‘yicha katta-katta dasturlar qabul qilganmiz va ularni albatta amalga oshiramiz.
Biz nafaqat mohir paxtakor va bog‘bonlar o‘lkasi, balki IT bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar, injener va energetiklar, konchi va metallurglar, fizik va kimyogarlar mamlakati bo‘lishimiz kerak.
Qadrli vatandoshlar!
O‘zbekistonimizning yer osti va yer usti boyliklari ko‘p. Lekin bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz bu – yagona, ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli xalqimizdir.
Bo‘lib o‘tgan saylovlar bu haqiqatni yana bir bor isbotladi.
Barchamiz millatimiz, tilimiz va dinimizdan qat’i nazar, dunyomiz, el-yurtimiz tinch bo‘lsin, O‘zbekistonimiz obod va farovon bo‘lsin, farzand va nevaralarimiz sog‘lom bo‘lib, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallab, hayotda o‘z o‘rni va baxtini topsin, degan ezgu niyat bilan yashaymiz.
Biz mamlakatimizdagi 130 dan ortiq millat va elat vakillariga o‘z tili, madaniyati, urf-odat va qadriyatlarini rivojlantirishlari uchun zarur sharoit yaratib berishni izchil davom ettiramiz.
Ishonchim komil, azaldan do‘stlik va hamjihatlik maskani sifatida shuhrat qozonib kelgan O‘zbekiston zamini bundan buyon ham chinakam insonparvarlik va bag‘rikenglik diyori bo‘lib qoladi.
Muhtaram do‘stlar!
Hozirgi tahlikali zamonda yurtimiz tinchligi va xavfsizligini ta’minlashning ishonchli kafolati bo‘lgan Qurolli Kuchlarimiz qudratini yanada oshirish ustuvor vazifamizdir. Shu maqsadda biz milliy armiyamiz qudratini, askar va ofitserlarimizning jangovar shayligi, jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini kuchaytirishga e’tiborni yanada oshiramiz.
Harbiy xizmatchilar va soha faxriylarini, ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash, moddiy ta’minotini yanada yaxshilash, uy-joy bilan ta’minlash, farzandlarining zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun qo‘shimcha chora-tadbirlarni ko‘ramiz.
Biz chuqur o‘ylangan tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya borasidagi harakatlarimizni izchil davom ettiramiz.
Avvalo, mintaqamiz mamlakatlari bilan yaqin do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kuchaytirish asosiy maqsadimiz bo‘ladi.
Dunyoning uzoq-yaqin davlatlari bilan o‘zaro manfaatli va ko‘pqirrali aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor beramiz.
Yaqin qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘onistonda tinch va osoyishta hayotni tiklash uchun afg‘on xalqiga qo‘limizdan kelgan barcha yordamni ko‘rsatamiz. Ushbu mamlakat bilan birgalikda yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdormiz.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, Parlamentlararo ittifoq, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro mintaqaviy tashkilotlar hamda moliyaviy institutlar bilan ko‘p tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Aziz va qadrli yurtdoshlarim!
Biz sizlar bilan, butun xalqimiz bilan birgalikda tarixan qisqa davrda, boshimizga tushgan qiyinchilik va mashaqqatlar, pandemiya va global inqiroz oqibatlariga qaramasdan, ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdik.
Shahar va qishloqlarimiz qiyofasi, hayotimizning turli soha va tarmoqlari tubdan o‘zgarmoqda. Xalqimiz biz orzu qilgan o‘zgarishlarning dastlabki mevalaridan bahramand bo‘lmoqda.
Donishmandlar aytganlaridek, olg‘a yurishni o‘ylagan inson uchun qo‘rquv, ikkilanish, shubha va gumon – eng katta dushmandir.
Biz dadil oldinga intilib, qo‘rquv va hadikdan xalos bo‘ldik. Dunyo bizga ochildi va biz dunyoga ochildik. Jahonda qancha-qancha do‘st va hamkorlar orttirdik. Yuksak irodamiz, qat’iy sa’y-harakatlarimiz bilan yana bunyodkor xalq, bunyodkor millat bo‘lib maydonga chiqdik.
Men saylovoldi uchrashuvlarida xalqimiz vakillari bilan chin dildan muloqot qilib, bu haqiqatga to‘la ishonch hosil qildim. Odamlarimiz katta maqsadlarga intilishdan, tashabbus ko‘rsatishdan, yangilik yaratishdan qo‘rqmayapti. Aksincha, bundan zavq va ilhom olib, yanada faol ishlayapti.
Xalqimizning ongi, dunyoqarashi o‘zgargani, uning qalbida o‘ziga, ertangi kunga ishonch paydo bo‘lgani – bu bizning eng katta yutug‘imiz.
O‘zini o‘zgartira olgan xalq, hech shubhasiz, hayotni ham, ijtimoiy muhitni ham o‘zgartira oladi, o‘z murod-maqsadlariga albatta yetadi. Mana shunday ulug‘ e’tiqod bilan yashayotgan xalqqa rahbar bo‘lib, uni yorug‘ manzillar sari boshlash men uchun ulkan baxt, ulkan sharafdir.
Hayotimning ma’no-mazmuniga aylangan buyuk maqsad – Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yo‘lida sizlar bilan, butun xalqimiz bilan birga tinimsiz ishlashga, bor kuch-g‘ayratim, bilim va salohiyatimni safarbar etishga tayyorman.
Men bilan bir safda sizlardek aziz qadrdonlarim, duogo‘y otaxon va onaxonlarimiz, azamat aka-ukalarimiz, mehribon opa-singillarimiz, azmu shijoatli yoshlarimiz borligi menga bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat, ruh va ilhom beradi.
Ishonchim komil, barchamiz birgalikda Yangi O‘zbekistonni – inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlatni albatta quramiz!
Barchamizni mana shunday ulug‘ maqsadlar yo‘lida birlashtirgan xalqimiz, Vatanimiz doimo omon bo‘lsin!
Barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!
Yashasin O‘zbekiston!
Yashasin O‘zbekiston xalqi!