O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) raqobat qo‘mitasiing Byurosi a’zosi, 2013–2025 yillarda Xalqaro Raqobat tarmog‘i boshqaruv guruhi raisi, Germaniyaning Federal kartellarga qarshi kurashish byurosi (Bundeskartellamt) prezidenti, raqobat siyosati shakllantirish va huquqiy tartibga solish bo‘yicha mutaxassis sifatida keng tanilgan va xalqaro hamkorlikdagi yetakchi Andreas Mundtdan olingan xat yuzasidan Qo‘mita Bundeskartellamt (BKartA) – Germaniyaning mustaqil monopoliyaga qarshi kurash va raqobatni himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan organning kelajakdagi ikki tomonlama manfaatli o‘zaro hamkorlik va raqobat qonunchiligi hamda siyosatini takomillashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlayotgani va bildirilgan e’tirofi uchun o‘z minnatdorchiligini bildiradi.
Xususan, 2024 yilda Germaniyaning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha German Sparkassenstiftung for International Cooperation tashkilotining taklifiga binoan Germaniyaning raqobatni rivojlantirish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatli idoralari va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan raqobat sohasida hamkorlikni o‘rnatish va yanada rivojlantirish, shuningdek, Qo‘mita xodimlari salohiyatini oshirish maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi rahbariyati boshchiligidagi rasmiy delegatsiya Germaniyaning Bonn va Myunxen shaharlariga amaliy tashrif buyurdi.
Qo‘mita delegatsiyasi Monopoliyalarni tartibga solish federal komissiyasi (Monopolkomission), Federal tarmoqlar agentligi (Bundesnetzagentur), Germaniya Federal Moliyaviy nazorat bo‘yicha federal idorasi (BaFin), Federal kartellarga qarshi kurashish byurosi (Bundeskartellamt) va Max Planck nomidagi Raqobat va innovatsiyalar institutida bo‘lib, yangi loyihalar, qo‘shma tadqiqotlar, Raqobat indeksini hisoblash, huquqni qo‘llash amaliyotida normativ-huquqiy hujjatlar, transchegaraviy iqtisodiy kontsentratsiya bitimlarini nazorat qilish mexanizmlari bo‘yicha muhokamalar o‘tkazishdi.
Mazkur tashriflar doirasida Raqobat qo‘mitasi xodimlari uchun treninglar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi va joriy yilning 26–30 may kunlari “Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini o‘rganish va ta’minlashga qaratilgan amaliy yondashuvlar: Germaniya qarashlari va O‘zbekistonda joriy etish muammolari” mavzusida seminar o‘tkazilishi rejalashtirildi.