Ayni paytda Qozog’iston Respublikasi, Olmaota shahrida ikki kunlik (6-7 oktabr kunlari) “VIII Yevrosiyo monopoliyaga qarshi kurash Forumi” bo’lib o’tmoqda. Mazkur xalqaro Forumda bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar, xususan Yevropa ittifoqi (YI), BMTning Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (UNCTAD), Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD), Xalqaro raqobat tarmog’i (ICN), Jahon banki (WB), Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII), Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi Sudi, Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi (YOIK), Qozog’iston Respublikasi Oliy sudi, Mustaqil davlatlar hamdo’stligi (MDH) mamlakatlarining monopoliyaga qarshi kurashish organlari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari, rasmiy vakillari, ekspertlari hamda mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O’z navbatida, Forumda Qozog’iston Respublikasi Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi tomoni taklifiga binoan Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi raisining birinchi o’rinbosari A. Qayumov hamda Qo’mita mas’ul xodimi O. Shoyimov ishtirok etmoqda.
Forumning ikkinchi kuni, ya’ni bugunning (7-oktabr) kun tartibidan bir qator tadbirlar o’rin oldi. Shu jumladan, BRIKS Raqobat qonunchiligi va siyosati bo’yicha xalqaro markaz ASCOLA tashkiloti bilan hamkorlikda, Olmaota shahrida joylashgan KIMEP universitetida “Globallashuvning raqobat va raqamli bozorlarning rivojlanishida ta’siri” mavzusiga bag’ishlangan akademik seminar bo’lib o’tdi. Mazkur seminarda, nufuzli xalqaro universitetlarning professorlari, Markaz mutaxassislari hamda Qozog’iston Respublikasi Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi rasmiylari ishtirok etdi.
Seminar davomida, Qo’mita raisining birinchi o’rinbosari A.Qayumov so’nggi yillarda mamlakatimiz hamda Qo’mita tomonidan raqamlashtirish, raqamli bozorlarda raqobatni ta’minlash borasida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar hamda islohotlar to’g’risida hisobot bilan chiqish qildi.