Joriy yilning 11-yanvar kuni Monopoliyaga qarshi kurashish Qo’mitasida “VATANIMGA TAYANCHMAN” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo’lib o’tdi. Unda toifalangan obyektlarni qo’riqlash qo’shinlari qo’mondonligi boshqaruv apparati boshqarma boshlig’i o’rinbosari podpolkovnik Xoliqov Yo’ldosh To’ychiyevich ishtirok etdi. Tadbirni qo’mita raisining birinchi o’rinbosari Karimov Bobur Xasanovich ochib berdi. Tadbir avvalida mustaqillikning ilk kunlaridan bugungi kungacha 30 yil mobaynida Qurolli Kuchlarimizning erishgan yutuqlarini aks ettiruvchi videorolik namoyish etildi.
1992-yil 14-yanvarda yurtimiz hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar O’zbekiston Respublikasining huquqiy tasarrufiga o’tkazildi. Mana, 30 yildirki, ana shu tarixiy kun Qurolli Kuchlarimiz poydevori qo’yilgan, istiqlolimiz solnomasiga oltin harflar bilan yozilgan buyuk sana sifatida bayram qilinmoqda.
So’nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz SH.M.Mirziyoev rahbarligida milliy armiyamizni isloh qilish bo’yicha har tomonlama chuqur o’ylangan va uzoq muddatga mo’ljallangan, ishlab chiqilgan strategiya hamda Milliy xavfsizlik konsepsiyasi va Mudofaa doktrinasi asosida ko’plab ishlar amalga oshirildi.
Milliy armiyamiz mamlakatimizda erkin, ozod va farovon hayot bunyod etish, demokratik islohotlarni samarali amalga oshirish yo’lida ishonchli kafolat bo’lib kelmoqda.
Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bugungi kunda harbiy boshqaruvning samarali tizimi shakllantirilib, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta ko’rib chiqildi, qo’shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog’ va texnika vositalari bilan ta’minlash bo’yicha o’ta muhim loyihalar amalga oshirildi.
Tariximizda birinchi marta o’z mohiyatiga ko’ra noyob tizim – harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi. Bunday ish usuli joylardagi davlat hokimiyati organlarining mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish imkonini berdi. Eng muhimi, u “Armiya va xalq – bir tanu bir jondir” degan hal qiluvchi tamoyilni amalda ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida qo’shimcha ravishda yangi, zamonaviy oliy harbiy ta’lim muassasalari tashkil etildi, kursantlarni o’qitish tizimi esa ko’p tarmoqli asosda yo’lga qo’yildi.
Yangitdan tuzilgan, mohiyat e’tibori bilan noyob bo’lgan Axborot- kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti mamlakatimizning zamonaviy oliy ta’lim muassasalari qatoridan munosib joy egalladi.
Hozirgi murakkab pandemiya sharoitida Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasining tashkil etilgani aholi salomatligi va hayotini muhofaza qilish borasida oldimizga qo’yilgan dolzarb vazifalarni tezkor va samarali hal etish imkoni beradi.
Shuningdek, armiyaning asosiy tayanchi bo’lgan serjantlar korpusini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ilg’or xalqaro standartlar asosida tashkil etilgan Qurolli Kuchlar Kichik mutaxassislar tayyorlash markazida ta’lim-tarbiya ishlari olib borilmoqda.
Harbiy shaharchalar zamonaviy qiyofaga ega bo’ldi, moddiy ta’minot xizmatlari sohasiga autsorsing tizimi joriy etildi.
Bugungi kunda milliy armiyamiz ming-minglab o’g’lonlarimiz uchun chinakam mardlik, fidoyilik, haqiqiy vatanparvarlik maktabiga aylangani, hech shubhasiz, shu yo’lda erishgan eng katta yutug’imizdir. Bu haqiqatni yurtimizdagi barcha ota-onalar, butun xalqimiz g’urur bilan, minnatdorlik bilan e’tirof etmoqda.
2021-yil 6-noyabr kuni muhtaram Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyev tomonlaridan Oliy Majlis palatalarining qo’shma majlisida “Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi” e’lon qilindi. Mazkur strategiyaning 7- yo’nalishi – tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish deb belgilandi. Kelgusi besh yillikda bugungi keskin va tahlikali vaziyatdan kelib chiqqan holda harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi, jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini kuchaytirish, harbiy xizmatchilar va soha faxriylarini, ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash kabi ustuvor vazifalar samarali hal etilishi ko’zda tutilgan.
Mazkur vazifalarning bajarilishi mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlashga, pirovardida Vatanimiz qudrati, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirda Qo’mita markaziy apparati, Qo’mita xuzuridagi Iste’molchilar xuquqlarini himoya qilish agentligi xodimlari markaziy studiyadan, Qo’mitaning hududiy boshqarmalari xodimlari masofadan ishtirok etdilar.