UMRA TADBIRINI TASHKIL ETISHGA OID REKLAMA QONUNCHILIGI BUZILISHI YUZASIDAN TEGISHLI CHORALAR KO‘RILDI
Raqobat qo‘mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida joylashtirilgan materiallarning “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish va tahlil ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, turoperatorlar tomonidan “Umra” tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga oid berilgan reklamalar o‘rganildi.
Natijada, Navoiy, Samarqand viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan jami 3 ta, ya’ni «A-HELLO «, «SM Tower Tour» va «RAYXONA TOUR» MCHJlarning turoperatorlariga nisbatan litsenziya hujjatlari mavjud bo‘lmagan holda reklamalar joylashtirgani va bu bilan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablarini buzgani yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, Qo‘mitaning Farg‘ona , Namangan, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan jami 8 ta («Umra safari 2025», «Makka madina Sayohat», «Saudiyaga Sayohat Muhammadyusuf», «iamalimusim», «IYMONA TRAVEL», «HIKMAT TRAVEL», «Makka va Madinaga Ziyorat») telegram va instagram kanallari ma’murlari hamda «Tashabbus travel» MCHJ tomonidan berilgan reklamalarda ham yuqoridagi kabi qonunchilik talablari buzilishi yuzasidan mansabdor shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Ushbu o‘rganish yakunlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.