v
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Turkmaniston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa sohalarda amaliy hamkorlik izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.