O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Turkmaniston yetakchisi davlatimiz rahbarini muddatidan ilgari o‘tkazilgan Prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy tabriklab, qardosh O‘zbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari keyingi yillarda izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda amaliy hamkorlik kengayib bormoqda. Parlamentlar o‘rtasidagi aloqalar va gumanitar almashinuvlar faollashdi.
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.