Turkiy davlatlarning raqobat kengashi Turk davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo davlatlar raqobat organlarini birlashtirish tashabbusi bilan tashkil etildi.
Turkiyaning Istanbul shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Asadulla Qayumov, TDT Bosh kotibi oʻrinbosari Merey Mukajan, Turkiya Raqobat organi rahbari Birol Kyule hamda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon va Vengriya raqobat organlari delegatsiyasi ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yig’ilishda ishtirokchi mamlakatlar o’z raqobat organlarining faoliyati bilan tanishtirdi va Kengashdan kutayotgan maqsadlarini bildirdi. Shu nuqtai nazardan, Kengash faoliyati doirasini belgilovchi tartib va tamoyillar hamda yo‘l xaritasi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Yig’ilishdan so’ng imzolash marosimi o’tkazildi va matbuot bayonoti bilan Turk davlatlari raqobat kengashi tashkil etilgani rasman e’lon qilindi.
Turkiy davlatlarning raqobat kengashi aʼzo davlatlar oʻrtasida raqobat siyosatini muvofiqlashtirish va umumiy manfaatlarni himoya qilish maqsadida tashkil etilgan platforma sifatida faoliyat yuritadi.
Turkiya tashkilotga dastlabki uch yil raislik qiladi. Kengashining navbatdagi yig‘ilishi Ozarbayjon Raqobat organi mezbonligida Shusha shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shunigdek, Qo’mita raisi orinbosari Asadulla Qayumov va Turkiya Raqobat organi rahbari Birol Kyule bilan o’tkazilgan uchrashuv doirasida ikki davlat organlari tomonidan avval imzolangan hamkorlik memorandumi yuzasidan o’zaro xalqaro hamkorlik va malaka almashish masalalari muhokama qilindi.