Ichki bozorda narxlar barqarorligini va aholini arzon yoqilgʻi mahsuloti bilan taʼminlash, birja savdolarida barcha ishtirokchilarga teng sharoitlarni yaratilishi, manipulyatsiya va boshqa salbiy holatlarni oldini olish maqsadida:
Jahonda neft narxining koʻtarilishi natijasida, ichki bozorda vujudga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarning oldini olish boʻyicha oʻtkazilgan tahlillar natijasida tegishli takliflar ishlab chiqildi. Mazkur takliflar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-yanvardagi 1-sonli yigʻilish bayoniga muvofiq, birja savdolari orqali AI-80 markali avtomobil benzinini faqat AYOQSHlarga sotilishi yoʻlga qoʻyildi.
Natijada, 2022-yil 31-yanvar kuni birja savdolarida 1 tonna AI-80 markali benzinning oʻrtacha sotilish narxi 6,9 mln soʻmgacha (2021-yil 16-noyabr kunidagi 10,1 mln soʻmga nisbatan 46 foizga) pasaydi.
Birja savdolari orqali benzin sotib oluvchi kunlik xaridorlar soni 9 barobarga oshdi (40 tadan 368 taga) va yetarlicha raqobat muhiti shakllandi.
18-martdan boshlab shakarni birja savdolariga kunlik 2 000 tndan kam boʻlmagan miqdorda barchaga teng sharoitda 1 tnlik lotlarda qoʻyilishi hamda bir savdo sessiyasida bir xaridor tomonidan maksimal 20 tn shakar sotib olinishi hamda birja shartnomalari boʻyicha amaldagi 2 foiz avans miqdorini 10 foizgacha oshirishga koʻrsatmalar berildi. Koʻrilgan tezkor choralar natijasida, birja savdolarida shakar mahsuloti oʻrtacha sotish narxlari uch savdo kuni (18, 24-25-mart kunlari) 11 921 ming soʻmdan 8 564 ming soʻmgacha yoki 39 foizga pasaydi.
Chorak yakunlari boʻyicha birja savdolari yuzasidan oʻtkazilgan tahlillar natijasida 1-apreldan boshlab dizel yonilgʻisini kunlik birja savdolariga qoʻyish xajmlarining kamida 50 foizi mayda lotlarda qoʻyilishi belgilandi. Buning natijasida xaridorlar soni oʻtgan oylarga (mart oyining mos davrida 58 ta) nisbatan qariyb ikki barobarga oshib aprel oyida 109 tani tashkil etdi.
Shu bilan birga 4-apreldan boshlab bir savdo sessiyasida bir xaridor tomonidan maksimal 20 tn suyultirilgan gaz sotib olinishi belgilandi. Natijada, mart oyining 24-31 kunlari shakllangan 5070 ming soʻm oʻrtacha narx aprel oyida (18 sanaga) 11 foizga arzonlashib, 4513 ming soʻmni tashkil etdi.
Shu bilan birga xaridorlar soni aprel oyida 441 tani tashkil etib, oʻtgan oylar mos davriga nisbatan (mart oyining mos davrida 260 ta) qariyb ikki barobarga oshgan.