O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan hududda doimiy tanlov (tender) savdolari monitoring qilib boriladi. Joriy yilning 8 oyi davomida, Toshkent shahridagi budjet va korporativ buyurtmachilar tomonidan boshlang’ich narxi jami 2590,9 mlrd. so’mlik 1974 ta tanlov (tender) savdolari o’tkazilgan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan o’tkazilgan o’rganishlar natijasida umumiy boshlang’ich qiymati 107,12 mlrd. so’mlik 156 ta tanlov (tender) savdolarida “Davlat xaridlari to’g’risida”gi hamda “Raqobat to’g’risida”gi Qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Bunday qonunbuzilish holatlariga yo’l qo’ygan 66-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabi, Bektemir, Mirobod, Yashnobod, Mirzo Ulug’bek tuman Maktabgacha ta’lim bo’limlari, Yashnobod tuman Xalq ta’limi bo’limi, “Uzbekistan Airways Technics” MChJ, R.Gliyer nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi, “O’zbekiston temir yo’llari” AJ “Ko’prikqurilish tresti” UK qoshidagi 13-Ko’prikqurilish otryadi, Olmazor tuman hokimligi, Mirobod tuman Obodonlashtirish boshqarmasi, “Toshkent issiqlik markazi” DUK Toshkent ko’priklardan foydalanish unitar korxonasi, “Uz Chasys” MChJ, “Otel O’zbekiston” MChJ, Ko’zi ojizlar maktab-internati, Toshkent viloyati ixtisoslashtirilgan somatika shifoxonasi, Toshkent davlat O’zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi akademik litseyi va boshqa 52 ta tashkilotlarga ish qo’zg’atilib, tegishli ko’rsatmalar berilgan. 23 ta xaridlar buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilingan, 81 ta xaridlarda yo’l qo’yilgan qonunbuzilishlar yuzasidan chora ko’rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lumot kiritilgan.