Tenderdagi qing‘irliklar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tarafidan fosh etildi
Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi tomonidan “Farg’onasuvqurilishinvest” DUKning Farg’ona tumani Oqbilol massiviga “Fayzobod-2” nasos stansiyasini qurish bo’yicha o’tkazilgan umumiy boshlang’ich qiymati 63 mlrdga teng bo’lgan tender savdolari o’rganildi.
O’rganish natijalariga ko’ra, mazkur tenderda 6 ta talabgorlar ishtirok etgan bo’lib, “FARG`ONA ME`MOR QURILISH” MCHJ 47,4 ball to’plab, 56 941,8 mln. so’m taklif bilan g’olib deb topilgan.
“MARG`ILON BINOKOR TA`MIR QURILISH” MCHJ 33,4 ball to’plab, 59 963,0 mln. so’m taklifi bilan zaxira g’olibi bo’lgan.
Biroq, “Farg’onasuvqurilishinvest” DUK tomonidan g’olib talabgor “FARG`ONA ME`MOR QURILISH” MCHJ bo’la turib, g’olib talabgorning taklif narxidan 3 021,1 mln so’m yuqori narx bergan “MARG`ILON BINOKOR TA`MIR QURILISH” MCHJni asossiz g’olib deb topgan.
Buning natijasida “Farg’onasuvqurilishinvest” DUK tomonidan mazkur tender savdosi o’tkazilishida “Raqobat to’g’risida”gi Qonunning
14-moddasi, birinchi qismi, uchinchi (savdolarning tashkilotchilari va (yoki) buyurtmachilari tomonidan savdolar ishtirokchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish), to’rtinchi (savdolar ishtirokchilarini asossiz ravishda chetlashtirish), beshinchi (savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish, shu jumladan axborotdan foydalanish orqali imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish) xatboshilari talablarini buzilishi alomatlari aniqlangan.
Ushbu aniqlangan holat bo’yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga huquqiy baho berish uchun ma’lumotnoma kiritilgan.