Tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlari himoya qilindi
Raqobat qo‘mitasiga Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, G‘uzor va Qamashi tumanlarida davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yurituvchi sanitar korxonalar tomonidan maishiy chiqindilarni joylashtirish va utilizatsiya qilish xizmatlari bo‘yicha belgilangan tariflardan norozilik bildirilgan murojaatlar kelib tushdi.
Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tariflarni shakllantirishda belgilangan talab va qoidalarga to‘liq rioya etilmagani aniqlandi.
Natijada, hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan mazkur muassasaga 19 ta yuridik shaxs foydasiga 757 mln so‘m miqdorida asossiz daromadni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Qo‘mita tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, bozorlarda adolatli raqobat muhitini ta’minlash yo‘lida tizimli ishlarini davom ettirmoqda.








