Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga joriy yil 21 sentabr kuni “Chinoz yo’lindustriya” MCHJ tomonidan murojaat kelib tushgan. Murojaatda elektr energiyasidan foydalanish jarayonida transformator va elektr tarmoqlarida yo’qotishlarni hisoblashda texnik xatolikka yo’l qo’yilganligi oqibatida tadbirkorga 2020 yildan 2022 yil sentabr oyiga qadar jami 200 181 600 so’m ortiqcha qarzdorlik hisoblangan hamda ushbu qarzdorlik o’z vaqtida to’lanmaganligi uchun 89 617 088,7 so’m qo’shimcha penya hisoblanganligi ko’rsatib o’tilgan.
Murojaatda ko’rsatilgan noroziliklar yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” Toshkent viloyati hududiy bo’limiga hamda “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJ ga 2022 yil 28 sentabr kuni xat yuborilgan bo’lib, murojaatda keltirilgan holatlar qayta ko’rib chiqilishi va tegishli xujjatlar hududiy boshqarmaga taqdim etilishi so’ralgan. Murojaatdagi holat Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi va “O‘zenergoinspeksiya” Toshkent viloyati hududiy bo’limi bilan birgalikda o’rganilganda tomonlar o’rtasida imzolangan shartnomada elektr enegiyasidan foydalanishda iste’molchining barcha xuquq majburiyatlari ko’rsatilgan. Biroq elektr energiyasidan foydalanish jarayonida transformator va elektr tarmoqlarida yo’qotishlarni hisoblashda texnik xatolikka yo’l qo’yilganligi oqibatida tadbirkorga jami 200 181 600 so’m ortiqcha qarzdorlik hisoblangan hamda ushbu qarzdorlik o’z vaqtida to’lanmaganligi uchun 89 617 088 so’m qo’shimcha penya hisoblanganligi ma’lum bo’ldi. “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan “Chinoz yo’lindustriya” MCHJga asossiz hisoblangan qariyib 300 mln.so’m qarzdorlik hisobdan chiqarilgan.
Eslatib o’tamiz, joriy yil sentabr oyida Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga Qibray tumanidagi tadbirkor murojaat qilib, unga elektr energiyasidan asossiz hisoblangan jami 114 167 880 so’m qarzdorlik hisoblanganligini ma’lum qilgan edi. Natijada “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” AJga nisbatan ish qo’zg’atilgan va asossiz qarzdorlik hisobdan chiqarilgan edi.
Hurmatli tadbirkorlar! Tabiiy monopoliya subyektlari tovarlarni iste’mol qilishda turli xil kamsitilishlar, asossiz qarzdorlik hisoblanish holatlari aniqlansa xuquqlaringizni himoya qilish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo’mitasi va uning hududiy boshqarmalariga murojaat qiling.