Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan fuqaroning muammosi hal etildi.
Fuqaro T.A. murojaatida, xonadoniga “Hududgaz Xorazm” gaz ta’minotining Urganch tuman filiali tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirish orqali 81 607 680 so‘m qarzdorlik hisoblanganligini, ammo bundan norozi ekanligini bildirib, ushbu holat yuzasidan amaliy yordam berishni so‘ragan.
O‘rganishlar davomida fuqaro tomonidan o‘zining uyida tabiiy gazda ishlaydigan ikkita tandirni go‘yoki noqonuniy ravishda o‘rnatganligi uchun jarima rasmiylashtirilganligi aniqlangan. Biroq, bu da’voni tasdiqlovchi hech qanday dalil topilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi 2-qismiga asosan, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi qayd qilingan.
Shu sababli, hududiy boshqarma aralashuvi natijasida fuqaro xonadoniga nisbatan hisoblangan 81 607 680 so‘mlik tabiiy gaz hajmlari bo‘yicha qayta hisob kitob amalga oshirildi hamda iste’molchi sifatida huquq va manfaatlari himoya qilindi.