Аyni kunlarda АI-80 markali benzin narxining oshganligi aholi orasida tanqidiy muhokamalarga sabab boʼlayotganligi va bunga qarshi huquqiy taʼsir choralari yetarliligi keng muhokamalarga sabab boʼlmoqda.
Tez kunda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarning narxlarini nazorat qilish va barqarorligini taʼminlash boʼyicha qarori qabul qilinishi kutilmoqda.
Mazkur qaror loyihasiga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʼmitasi:
- 45 turdagi yuqori likvidli va monopol mahsulotlar (benzin, koʼmir, metall, sement va hokazo);
- 10 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega boʼlgan isteʼmol mahsulotlari (un, goʼsht, non, shakar, oʼsimlik yogʼi va hokazo) narxlarining asossiz oshirilmasligini nazorat qiladi.
Mazkur vazifani bajarish uchun Monopoliyaga qarshi kurashish qoʼmitasi:
– ushbu mahsulotlar narxlarining oʼzgarish dinamikasini monitoring qiladi, ularning tebranishiga taʼsir etgan omillar va ularning kelib chiqish sabablarini tahlil qiladi;
– narxlarning asossiz oʼsishi, kelishib qilinadigan harakatlar va til biriktirishlar holatlarini aniqlash uchun belgilangan tartibda tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar xoʼjalik yurituvchi subyektlarning binolariga bevosita kiradi hamda ombordagi mavjud zaxiralarini xatlovdan oʼtkazadi;
– xatlovda aniqlangan mahsulotlarning ortiqcha hajmini savdoga chiqarish, asossiz oshirilgan narxlarni pasaytirish yuzasidan bajarilishi majburiy boʼlgan taqdimnoma va koʼrsatmalar kiritadi;
– taqdimnoma va koʼrsatmalar oʼz vaqtida bajarilmagan taqdirda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralarini koʼradi.
Mazkur qarorning qabul qilinishi strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxlari barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.