Surxondaryo viloyatida raqobatni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi
Raqobat qo‘mitasi, Viloyat hokimligi bilan 2026-yilda Surxondaryo viloyatida raqobatni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Rejaga muvofiq, viloyatda kamida 10 ta importga yuqori bog‘liq bozorlar tahlil qilinib, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi loyihalar uchun takliflar ishlab chiqiladi. Shuningdek, shahar va tuman hokimliklari tomonidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning raqobatga ta’siri o‘rganiladi.
Tadbirkorlarni infratuzilma tarmoqlariga ulashda yuzaga kelayotgan muammolar tahlil qilinib, elektr, gaz va suv ta’minoti tashkilotlari bilan hamkorlikda ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Davlat xaridlari sohasida esa 3 000 ga yaqin xarid jarayoni qonunchilikka muvofiqligi bo‘yicha o‘rganiladi.
Shu bilan birga, viloyat hokimligi huzurida “Reklamani nazorat qilish shu’basi” tashkil etiladi, bu orqali viloyatda tashqi reklama obyektlarini xatlovdan o‘tkazish va qonuniy tartibga solish ishlari amalga oshiriladi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda ularni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida nazorat xaridlari amalga oshiriladi, shuningdek har chorakda kamida 9 turdagi 30 ta ishlab chiqaruvchi mahsulotlari bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkaziladi. Shu bilan birga, 10 turdagi ijtimoiy muhim mahsulotlar importi bozori tahlil qilinib, narxlarni shakllanishi zanjiri o‘rganiladi va ularni pasaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Shu bilan birga, reja doirasida davlat ishtirokidagi 100 dan ortiq korxona faoliyati tahlil qilinib, davlat ulushini qisqartirish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi. Ustun mavqeiga korxonalar bilan iste’molchilar o‘rtasida tuziladigan shartnomalar o‘rganilib, tadbirkorlar huquqlarini cheklovchi holatlarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.








