Prezident Shavkat Mirziyoyevga sport sohasida erishilgan natijalar va xalqaro musobaqalarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik bo‘yicha axborot berildi.
Mamlakatimizda sport ancha ommalashgan, yoshlar sportsevar. Davlatimiz rahbari g‘oyasi bilan tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” jismoniy madaniyatni yanada keng yoyishga xizmat qilmoqda.
O‘tgan yili mazkur olimpiada doirasidagi musobaqalarda 6 million 400 ming nafar yoshlar qamrab olindi. Sport infratuzilmasi yaxshi rivojlanmagan, olis va chekka hududlardagi mahallalarda 449 ta namunaviy sport maydonchasi barpo etildi.
Besh bosqichli ommaviy musobaqalarda qariyb 12 ming nafar iqtidorli yoshlar tanlab olinib, sport maktablariga yo‘naltirildi. Sohadagi har bir maktab muayyan sport turlariga ixtisoslashtirilib, yangi inventar va anjomlar bilan ta’minlandi. Bularning natijasida milliy terma jamoalarga sportchi yetkazib berish ko‘rsatkichi ham oshmoqda.
Professional sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlash bo‘yicha ham zarur choralar ko‘rilmoqda. Ayni kunlarda Janubiy Koreyada o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasida IV qishki olimpiya o‘yinlarida tog‘ chang‘isi bo‘yicha sportchilarimiz ishtirok etmoqda.
Ma’lumki, bu yil Parij shahrida to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi – yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Hozirga qadar atletlarimiz ularga, mos ravishda, 17 ta va 34 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritgan. Sportchilarimizning yana yo‘llanmalar olishi va musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
2025-yilda Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan yoshlar o‘rtasida Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga ham tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Olimpiya shaharchasi qurilishi jadal davom etmoqda.
Joriy yilda ijtimoiy dasturlar doirasida 42 ta sport inshooti qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. “Besh tashabbus olimpiadasi” qamrovini yanada kengaytirgan holda, ishtirokchilar sonini 7 millionga yetkazish mo‘ljallangan. Sport maktablarida qo‘shimcha mingdan ortiq guruhlar ochish ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari sport ta’limini rivojlantirish, sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlashda ilg‘or yondashuvlarni qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.