Prezident Shavkat Mirziyoyevga sport ta’limini rivojlantirish va xalqaro musobaqalarni o‘tkazish rejalari bo‘yicha axborot berildi.
Mamlakatimizda sport infratuzilmasi rivojlantirilib, xalqaro talablar darajasidagi shart-sharoitlar yaratilmoqda. Shunga asoslanib, FIFA qarori bilan futzal bo‘yicha bu yilgi jahon chempionati yurtimizda o‘tkazilishi belgilangan. Musobaqa 14-sentabr – 6-oktabr kunlari Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlarida tashkil etiladi. Unda dunyoning eng kuchli 24 jamoasi qatnashadi. Ishtirokchi mamlakatlardan nufuzli mehmonlar, 30 mingdan ziyod muxlislar kelishi kutilmoqda.
Mutasaddilar bu borada ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari, sport va madaniy tadbirlar rejalari yuzasidan axborot berdi. Chempionatni yuqori saviyada o‘tkazish uchun Bosh vazir rahbarligida tashkiliy qo‘mita tuzilishi belgilandi.
Ma’lumki, poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi barpo etilmoqda. Kelgusi yil u yerda yoshlar o‘rtasida yozgi Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi.
Keyinchalik undan samarali foydalanish maqsadida Olimpiya shaharchasida O‘zbekiston davlat sport akademiyasi tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan. Ushbu muassasa huzuriga Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqot instituti hamda Mutaxassislar malakasini oshirish instituti ham o‘tkaziladi. Akademiya tizimida Sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi, Axborot kutubxona markazi, O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillarni o‘qitish markazi ochiladi.
2025/2026-o‘quv yilidan boshlab, akademiyaga 3 ta bakalavr yo‘nalishi va 6 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qabul boshlanadi. Bitiruvchi talabalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri 6 yillik trenerlik malaka sertifikati beriladi. Olimpiya va paralimpiya kollejlaridan seleksiya qilingan bitiruvchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri ikkinchi kursga qabul qilinadi.
Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga kafedralar va o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajribasi asosida tashkil etish, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Sport ta’limidagi yana bir yangilik Kurash mahorat maktablari bo‘ladi.
Kurash ming yillik qadriyatimiz va milliy sportimiz. Dunyoda bu bilan 30 million, O‘zbekistonda 30 ming kishi professional shug‘ullanmoqda. Havaskor yoshlar bundan ham ko‘p.
Shuning uchun har bir viloyat markazida Kurash mahorat maktablari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Mahorat maktabida 140 nafar o‘quvchi bo‘ladi, ular 5-11-sinf bolalari orasidan tanlab olinadi.
Taqdimotda Parij olimpiadasiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik bo‘yicha ham hisobot berildi.
Terma jamoalarimiz ushbu nufuzli musobaqaga yuqori darajada hozirlik ko‘rmoqda, chet ellarda maqsadli o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Sportchilarimiz futbol, suvga sakrash, kamondan o‘q otish, ayollar o‘rtasida erkin kurash bo‘yicha ilk bor olimpiadaga yo‘llanma olgani ahamiyatli. Oldinda yana yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish, Olimpiya o‘yinlarida munosib qatnashish maqsad qilingan.