Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida aholi salomatligini ta’minlash, tibbiyot sifatini oshirish bo‘yicha ko‘plab vazifalar belgilangan. Bu islohotlarni jadallashtirish va hayotga samarali tatbiq etish maqsadida xalqaro ekspertlar ishtirokida takliflar ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasida davlat muassasasi shaklida “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisini tashkil qilish taklif etilmoqda. U davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini hamda davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketini to‘liq joriy etish, tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligi ustidan nazorat tizimini kuchaytirish, kadrlar salohiyatini oshirish, tibbiy ta’lim tizimi va ilm-fan sohasini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish kabi yo‘nalishlarga mas’ul etib belgilanadi. Shuningdek, bu markaz raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish, xususiy sektorni kengaytirish, davlat xaridlari shaffofligini oshirish, farmatsevtika sohasini isloh qilishga ko‘maklashadi.
Loyiha ofisi faoliyatiga ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislari, shuningdek, xorijiy ekspert va maslahatchilar shartnoma asosida jalb qilinadi.
Sog‘liqni saqlash sohasida belgilangan islohotlar yetuk kadrlar salohiyatini talab etadi. Shu bois bu borada bir qancha chora-tadbirlar ko‘zda tutilmoqda.
Jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasining ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Unda jamoat salomatligi, profilaktik tibbiyot, jismoniy faollik ixtisosliklari bo‘yicha magistrlik yo‘nalishlari ochiladi. Tibbiyot yo‘nalishidagi talabalar bilimini xalqaro tan olingan tizim asosida, ikki bosqichda davlat imtihonlari orqali baholash yo‘lga qo‘yiladi.
Kelgusi o‘quv yilidan boshlab, hududlardagi ehtiyojdan kelib chiqib, tibbiyot oliygohlarining 200 nafar bitiruvchisi magistratura va klinik ordinatura dasturlari asosida yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida o‘qitiladi.
Shuningdek, ixtisoslashtirilgan xirurgiya, kardiologiya, endokrinologiya, dermatovenerologiya va kosmetologiya markazlari, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda Milliy tibbiyot markazi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
Joriy yilda amaldagi 40 ta sanitariya qoida va normalari qayta ko‘rib chiqilib, xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, mazkur ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash bo‘yicha topshiriq berdi.