“Sirli mijoz” tadbiri: 20 foiz dorixonada spirt o‘rniga losyon berilgani aniqlandi
Bugungi kunda fuqarolardan ba’zi dorixonalar faoliyatidan norozilik bildirilgan murojaatlar kelib tushmoqda. Mazkur murojaatlarda spirt mahsuloti so‘ralganda uning o‘rniga dorixona xodimi tomonidan losyon taklif etilayotgani bildirilgan. Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Sirli mijoz” tadbiri doirasida dorixonalarda spirt mahsulotlarining realizatsiya qilinishi holatlari o‘rganildi.
O‘rganishlarda 20 dan ortiq dorixonalar qamrab olindi va shundan taxminan 25 foizida spirt so‘ralganda uning o‘rniga losyon berilgani aniqlandi.
Shu bilan birga, dori vositalarini ishlab chiqarishda GDP sertifikatlari joriy etilib, sifat nazorati kuchaytirilgan davrda ayrim spirt ishlab chiqaruvchilar litsenziya olmagan va spirt o‘rniga losyon ishlab chiqarishni boshlagan. Mazkur holat yuzasidan iste’molchilarga to‘liq ma’lumot berilmagani ularni chalg‘itishga olib kelgan.
Ma’lumki, 70 foizli tibbiy spirt sog‘liqni saqlash sohasida ya’ni
🟣inyeksiyalar oldidan terini ishlov berish;
🟣asbob-uskunalarni sterilizatsiya qilish;
🟣yaralarni davolash;
🟣jarrohlik amaliyotlarida qo‘llaniladi.
Losyon esa tarkibida spirt miqdori past bo‘lgan kosmetik mahsulot hisoblanadi va asosan:
🟣terini tozalash va ortiqcha yog‘lanishni kamaytirish,
🟣kosmetika qoldiqlarini bartaraf etishga mo‘ljallangan.
Shu bois, spirt o‘rniga losyon taklif etilishi kutilgan natijani bermasligi va iste’molchilar sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin.
Ushbu holat o‘z navbatida iste’molchilarga noto‘g‘ri ma’lumot berilishi va natijada zarar yetkazilishiga olib keladi.
Raqobat qo‘mitasi amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi alomatlari sifatida e’tirof etilib, dorixonaga nisbatan tegishli ish qo‘zg‘atilishiga olib kelishi va bunday holatlarni oldini olish choralarini ko‘rish haqida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga tegishli xat chiqarildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, dorixonalarni iste’molchilarga to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etmaslik qonunchilik talablarini buzilishi ekanligi bo‘yicha ogohlantiradi.








