Savol: Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi kim va uning qanday huquqlari bor?
JAVOB:
– Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi (bundan buyon matnda ishtirokchi deb yuritiladi) xarid qilish tartib-taomilida davlat xaridlarini bajarish uchun talabgor sifatida ishtirok etayotgan, O‘zbekiston Respublikasining rezidenti yoki norezidenti bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxsdir.
Ishtirokchining huquqlari:
davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborotdan qonunchilikda nazarda tutilgan hajmda foydalanish;
davlat buyurtmachisiga yoki ushbu buyurtmachi tomonidan jalb etilgan ixtisoslashgan tashkilotga muayyan davlat xaridlarining tartib-taomillari, ularni o‘tkazish talablari va shartlari bo‘yicha so‘rovlar berish hamda ulardan tushuntirishlar olish;
xarid komissiyasi tomonidan takliflar ochilayotganda belgilangan tartibda ishtirok etish;
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaga xarid qilish tartib-taomillari natijalari yuzasidan shikoyat qilish;
qonunchilikka muvofiq takliflarga o‘zgartirishlar kiritish yoki ularni qaytarib olish huquqiga ega.
Ishtirokchining majburiyatlari:
davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
xarid qilish hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lgan takliflar va hujjatlarni taqdim etishi hamda taqdim etilgan axborotning ishonchliligi uchun javobgar bo‘lishi;
asosiy benefitsiar mulkdor to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etishi;
g‘olib deb topilgan taqdirda, davlat buyurtmachisi bilan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda shartnoma tuzishi shart.
Ishtirokchi va uning affillangan shaxsi elektron do‘kon, auksion, eng yaxshi takliflarni tanlash va tender bo‘yicha ayni bitta lotda ishtirok etish huquqiga ega emas.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun, 23-modda