FUQARODAN SAVOL:
- Raqamli markirovkalash nimani anglatadi?
JAVOB:
Hozirgi vaqtda kontrafakt va qalbakilashtirilgan mahsulotlarning bozorga kirib kelishining oldini olish maqsadida ko‘plab mamlakatlarda mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi faol joriy etilmoqda.
Raqamli markirovkalash – bu tovar aylanmasini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimidir. Har bir mahsulot haqidagi ma’lumotlar elektron bazada saqlanadi, ushbu ma’lumotlarni iste’molchilar va ishlab chiqaruvchilar ham skaner kodlari orqali ko‘rishlari mumkin. Raqamli markirovkalash xaridorlarning manfaatlarini himoya qilish uchun mo‘ljallangan, chunki uning yordamida iste’molchilar mahsulot haqida barcha ma’lumotlarni bilib olishlari mumkin, bu esa xatarli yoki past sifatli mahsulotni sotib olish xavfini kamaytiradi. Raqamli markirovkalash uchun matritsaga oid kodlar (“data-matrix”) qo‘llaniladi. Har bir mahsulotga alohida noyob kod qo‘llaniladi.»
O‘zbekistonda mahsulotlarni noqonuniy olib kirish, ishlab chiqarish va sotish holatlarining oldini olish, alohida turdagi mahsulotlarning qonuniy aylanmasini ta’minlash mexanizmini tubdan takomillashtirish hamda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-noyabrdagi “Ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi 737-son qarori qabul qilingan bo‘lib, qarorda mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tartibi “Asl belgisi” davlat xususiy-sheriklik asosida tashkil etilgan mahsulotlarni raqamli markirovkalash va kuzatish milliy axborot tizimi doirasida joriy etilgan.
Qarorga ko‘ra, majburiy raqamli markirovkalash talabi joriy qilinadigan mahsulotlarga tamaki, alkogol va pivo mahsulotlari kiradi, 2022-yil 1-fevraldan boshlab esa ushbu ro‘yxatga dori vositalari, suv va ichimliklar hamda maishiy texnika vositalari qo‘shilishi belgilangan. Kelgusida tizim majburiy raqamli markirovkalash lozim bo‘lgan tovarlar ro‘yxatini kengaytirishni nazarda tutadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, bunday raqamli markirovkalash tizimlari Braziliya, Argentina, Kanada, Belarus Respublikasi, Filippin, Rossiya va Qozog‘istonda faol qo‘llanilmoqda.
Bunday tizim yordamida O‘zbekiston iste’molchilari mobil ilovadan foydalangan holda mahsulotlarning aslligini tekshirish va tovar haqida to‘liq ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ladi: ishlab chiqaruvchi, tarkibi va boshqa ma’lumotlar, agar soxta mahsulot aniqlansa, qoidabuzarlik haqida xabar berilishi mumkin.